O‘zbekiston va BMT Turizm hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
O‘zbekistonning xalqaro turizm maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlash, sohadagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda.
BMT Turizm Yevropa komissiyasining 72-yig‘ilishi doirasida Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov BMT Turizm Bosh kotibi Shaykha Al Novais bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida Bosh kotib aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni ustuvor vazifa sifatida belgilab olganini ma’lum qildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va BMT Turizm o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda turizm sohasidagi strategik yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida ikki tomonlama Hamkorlik to‘g‘risidagi Niyat xati imzolandi. Mazkur hujjat doirasida barqaror turizmni rivojlantirish, yangi turizm yo‘nalishlarini ilgari surish, Ipak yo‘lidagi turizmni rivojlantirish va turizm ta’limini jadallashtirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA