Qozonda O‘zbekiston – Tatariston hamkorligining yuqori sur’ati e’tirof etildi
Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida bo‘lib o‘tayotgan VIII Xalqaro iste’molchilar kooperatsiyasi forumi – “Kooperatsiya yoshlari: tarmoqni rivojlantirish uchun resurslarni birlashtirib” mavzusidagi xalqaro anjuman doirasida tashkil etilgan “Kelajak yoshlari” sho‘’ba yig‘ilishida yoshlar siyosati, ta’lim va innovatsiya masalalari muhokama qilindi. Tatariston Respublikasi Yoshlar ishlari vaziri Azat Qadirov respublikada yoshlar siyosati izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
– Bugungi kunda har qanday loyiha yoshlarning bevosita ishtirokida amalga oshiriladi, – deydi mulozim. – Respublikada 400 ga yaqin yoshlar muassasasi faoliyat ko‘rsatadi, 250 000 dan ziyod ko‘ngilli turli ijtimoiy tashabbuslarda faol qatnashmoqda. Yosh tadbirkorlar, yosh diplomatlar forumlari va global yoshlar sammitini muntazam o‘tkazib kelyapmiz.
Rossiya Yoshlar ishlari bo‘yicha federal agentligi vakili Yegor Litvinenko esa Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yoshlar va bolalar” milliy loyihasi haqida so‘z yuritdi:
– Mazkur loyiha yoshlar takliflari asosida shakllantirilgan. Bugun mamlakatda yil davomida faoliyat yuritadigan 15 ta’lim markazi, 28 yirik yoshlar forumi ishlamoqda.
Tatariston qishloq xo‘jaligi vaziri Rustam Gaynullov o‘z so‘zida respublikaning O‘zbekiston bilan sohadagi hamkorligi holatiga alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida mamlakatimizga eksport qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qiymati 38,5 million dollarga yetgan.
– Joriy yilning dastlabki besh oyida eksport hajmi 17,5 million dollarni tashkil qildi, – dedi vazir. – Biz Jizzax va boshqa hududlarda investitsiya maydonlarini rivojlantirishga hissa qo‘shyapmiz. O‘zbekiston bilan melioratsiya sohasida tajriba almashish va eksport ko‘lamini yanada kengaytirish uchun keng imkoniyat mavjud.
Bugun yakuniga yetadigan Forum va “AgroVolga-2026” ko‘rgazmasi davomida kooperatsiya, agrosanoat, yoshlar siyosati, oziq-ovqat xavfsizligi va xalqaro iqtisodiy hamkorlik singari dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA