Qabul: Fuqarolar muammolariga yechim topildi
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi tomonidan madaniyat, turizm va madaniy meros sohalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganish yuzasidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 1-apreldagi "Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda fuqarolar bilan ochiq muloqotni yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari A.Shavkatov tomonidan murojaatchilar muammolari tinglandi.

Qabul davomida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan mazkur sohalarni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, madaniy va turizm infratuzilmasini takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar va takliflar bildirildi.

Har bir murojaat batafsil o‘rganilib, ularning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar ijro nazoratiga olinib, ularning qonuniy va o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar belgilandi.
Qayd etilganidek, fuqarolar bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning murojaatlariga tezkor va adolatli yechim topish, shuningdek, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA