JIDU bitiruvchilariga diplom topshirildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bitiruvchilarga diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev onlayn tarzda bitiruvchilarni qutlab, ularning universitet taraqqiyoti va O‘zbekiston istiqboliga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidladi. Ularning kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, rektor talabalarni butun o‘qish davri mobaynida qo‘llab-quvvatlaganlari uchun ota-onalarga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Shundan so‘ng universitetdagi yorqin hayot va talabalarning yutuqlarini aks ettiruvchi videolavha namoyish etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) bakalavriat yo‘nalishini 510 nafar talaba muvaffaqiyatli bitirdi.
Bitiruvchilarning katta qismi Yevropa, Osiyo va AQSHning nufuzli universitetlarida o‘qishni davom ettirdi. Eng mashhur yo‘nalishlar orasida xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, siyosatshunoslik va huquqshunoslik mavjud.
[gallery-30363]
JIDU 60 dan ortiq xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan faol hamkorlik olib boradi. Bu esa talabalarga almashinuv dasturlarida qatnashish va akademik kreditlarni inobatga olgan holda magistraturaga kirish imkonini beradi.
Shuningdek, ko‘plab bitiruvchilar allaqachon davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar va biznes sektorida o‘z ish o‘rinlarini topishgan.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA