Qonun loyihasining tahlili yoxud öt öriş uçun ham ruxsatnoma kerakmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bölayotgan mavzuga rasmiy munosabat. «Yaylovlar töğrisida»gi Qonun loyihasi tahlili.
Sönggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «endilikda molga yaylovdan öt örib keliş uçun ham çipta sotib oliş kerak bölar ekan» degan mazmundagi xabarlar va videolar keng tarqalib, jamoatçilik orasida turli tuşunmovçiliklarni keltirib çiqardi. Mazkur holat yuzasidan Çorvaçilik va yaylov xöjaligini rivojlantiriş agentligi aniq va asosli tuşuntiriş berdi.
Xöş, aslida vaziyat qanday? Örmon çiptasi va yaylov çiptasining farqi nimada? Oliy Majlis Qonunçilik palatasining yalpi majlisida körib çiqilgan yangi tahrirdagi «Yaylovlar töğrisida»gi qonun loyihasida qanday masalalar muhokama qilindi va aholi uçun qanday kafolatlar közda tutilgan?
«Çipta» tizimi bugun paydo bölgan yangilik emas
Agentlikning maʼlum qilişiça, piçan öriş va çorva mollarini ötlatiş uçun çipta beriş amaliyoti mutlaqo yangi tartib emas. Örmon va yaşil hududlarni köpaytiriş, çöllanişga qarşi kuraşiş agentligi maʼlumotiga köra, davlat örmon fondi tarkibidagi yaylov yer uçastkalaridan piçan öriş yoki çorva mollarini boqiş uçun örmon çiptasidan foydalaniş tartibi avvaldan mavjud. Uşbu hujjat fuqaroning muayyan örmon uçastkasidagi maydondan foydalaniş huquqini tasdiqlaydi, unda yer maydoni, muddati hamda tomonlarning majburiyatlari belgilanadi. Hozirda bu jarayon raqamlaştirilib, maxsus onlayn platforma orqali amalga oşirilmoqda.

Mamlakatdagi barça yaylovlar bitta idora tasarrufida emas
Tarmoqlardagi çalkaşliklarning asosiy sababi — örmon fondi yerlari bilan umumiy yaylovlarning farqiga bormaslikdir. 2026-yil 1-noyabr holatiga köra, respublikamizda jami 21 million 200 ming gektardan ortiq yaylov va piçanzor yerlari mavjud. Ularning taqsimoti quyidagiça:
— 16 million 300 ming gektari — Çorvaçilik va yaylov xöjaligini rivojlantiriş agentligining hududiy yaylov xöjaliklari hisobida;
— Qariyb 3 million gektari — Örmon va yaşil hududlarni köpaytiriş, çöllanişga qarşi kuraşiş agentligi (örmon fondi) hisobida.
Demak, bugungi kunda amal qilayotgan elektron ruxsatnoma (örmon çiptasi) tizimi faqatgina örmon fondi tarkibidagi 3 million gektar yerga taalluqli bölib, Çorvaçilik va yaylov xöjaligini rivojlantiriş agentligi tizimidagi 16,3 million gektar yaylovlar uçun joriy etilmagan.
Oliy Majlisda körilgan «Yaylovlar töğrisida»gi qonun loyihasida nimalar nazarda tutilgan?
2026-yil 10-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunçilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Yaylovlar töğrisida»gi qonun loyihasini birinçi öqişda muhokama qilib, qabul qildilar. Parlamentda körilgan uşbu hujjat yaylovlarni degradatsiyadan (tanazzulga uçraşdan) asraş va ulardan iqtisodiy aktiv sifatida samarali foydalanişning huquqiy asoslarini yaratişga qaratilgan bölib, unda quyidagi asosiy yangiliklar taklif etilmoqda:
Foydalaniş tartibi: Loyihaning 30-moddasida tadbirkorlik subʼektlari va fuqarolar yaylovlardan ijara şartnomasi yoki yaylov çiptasi asosida foydalanişi mexanizmi taklif qilingan.
Faoliyat turlarini kengaytiriş: Yaylov hududlarida anʼanaviy çorva boqiş bilan bir qatorda, asalariçilik bilan şuğullaniş, dorivor ösimliklar yetiştiriş va ekoturizm (sayyohlarni qabul qiliş) kabi qöşimça faoliyat turlariga ham ruxsat beriş nazarda tutilmoqda.
Böş turgan yerlarni özlaştiriş va raqamlaştiriş: Foydalanilmayotgan yaylovlarni elektron auksion, investitsiya bitimlari yoki davlat-xususiy şeriklik asosida iqtisodiy muomalaga kiritiş, şuningdek, yaylovlar holatini raqamli texnologiyalar («E-yaylov» platformasi) orqali monitoring qiliş rejalaştirilgan.

Ammo rasmiylar alohida taʼkidlaganidek, «Yaylovlar töğrisida»gi hujjat hozirça faqat qonun loyihasi xolos. U Qonunçilik palatasida endigina birinçi öqişda qabul qilingan bölib, loyihadagi takliflarni hozirdan kuçga kirgan majburiy talab sifatida talqin qiliş mutlaqo notöğri.
Aholining uy çorvasi uçun bepul jamoat yaylovlari taşkil etiladi
Eng muhim jihati şundaki, deputatlar tomonidan körib çiqilgan «Yaylovlar töğrisida»gi qonun loyihasida oddiy qişloq aholisining manfaatlari alohida norma bilan himoya qilingan. Hujjatda «jamoat yaylovlari» instituti joriy etilib, unga köra qişloq aholisining uy şaroitida boqiladigan şaxsiy çorva mollari uçun alohida jamoat yaylovlarini taşkil etiş va ulardan bepul foydalaniş mexanizmlari aniq belgilab qöyilgan.
Xulosa örnida aytiş mumkinki, davlat tomonidan körilayotgan uşbu çoralar çorvadorlar yoki aholining faoliyatini çeklaşga emas, aksinça, yaylovlardan oqilona foydalaniş, ularni muhofaza qiliş va kelgusi yillar uçun tabiiy ozuqa bazasini asrab qolişga qaratilgan. Şu bois, örmon fondi yerlarida avvaldan amal qilib kelayotgan tartibni butun respublika yaylovlariga tatbiq etilgan yangi tölov sifatida qabul qilmaslik lozim.
ÖzA