Qiziltepada chorvachilikka ixtisoslashgan mikromarkazlar tashkil etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida chorvachilikni rivojlantirish, aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Konsurun mahallasi hududida tashkil etilgan chorvachilik mikromarkazi shunday loyihalardan biridir.
Tajriba tariqasida 30 gektar maydonda 20 ta lotdan iborat chorvachilik mikromarkazi tashkil etildi. Har bir tadbirkorlik sub’ektiga o‘rtacha 1,1 gektardan yer maydoni ajratildi.
Mazkur loyiha doirasida 6 ming bosh yirik shoxli qoramol boqish, 104 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash, yiliga 900 tonna go‘sht va 600 tonna sut mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
[gallery-21223]
Shuningdek, 2026-2028-yillarda “Chorvachilik mikromarkazi”ga chegaradosh hududda 30 gektar maydonda, umumiy qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 20 ta lotdan iborat mikromarkazning ikkinchi bosqichini tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 12-mayda qabul qilingan «Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida chorvachilik tarmog‘ini zamonaviy boshqaruv asosida rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilikni takomillashtirish va yaylovlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qarorga muvofiq, Qiziltepa tumani Navoiy viloyatida chorvachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Sohada belgilangan vazifalar doirasida chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish, go‘sht va sutni qayta ishlash hajmini oshirish hamda yem-xashak bazasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA