Qaytish chiptasi: Zamonaviy yosh yetakchi qanday bo‘lishi kerak?
Bugun yoshlar jamiyat hayotida kuzatuvchi emas, o‘zgarishlarning bevosita ishtirokchisiga aylanmoqda. Yangi avlod vakilidan endi faqat bilim yoki tashabbus emas, mustaqil fikr, mas’uliyat va odamlarni ortidan ergashtirish barobarida ularga imkoniyat yarata olish qobiliyati ham talab etilmoqda. Xo‘sh, zamonaviy yosh yetakchi qanday bo‘lishi kerak?
“Qaytish chiptasi” ruknining navbatdagi mehmoni – “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Italiyaning “Sapienza University of Rome” universiteti magistratura bosqichi bitiruvchisi Ibrohimjon Jo‘raboyev. U ayni payt Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda.
Biz Ibrohimjon Jo‘raboyev bilan yosh avlodning bugungi imkoniyati va mas’uliyati, yetakchilikning zamonaviy qiyofasi, qaror qabul qilish jarayonida yoshlarning o‘rni hamda xorijda orttirilgan tajribani milliy muhitga olib kirish haqida fikrlashdik. Shuningdek, suhbatimiz davomida 4-6-sentabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlamentchilar XII global konferensiyasi oldidan O‘zbekiston yosh parlamentchilari oldida turgan vazifalar va xalqaro maydondagi yangi imkoniyatlar xususida ham so‘z bordi.
Musulmon Ziyo, O‘zA