Muhim vazifalar belgilab olindi
Sirdaryo viloyatida 2026-yilgi paxta mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yetishtirilgan hosilni sifatli qabul qilish, hisob-kitoblarni aniq va shaffof tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Shu maqsadda Sayxunobod tumanidagi “Guliston Cluster” MCHJga qarashli paxta-g‘alla qabul qilish maskanida joriy mavsumga tayyorgarlik holati va oldinda turgan vazifalarga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ mutaxassislari, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Fermerlar kengashi vakillari, shuningdek, paxta qabul qilish maskanlarining tarozibon va laboratoriya xodimlari ishtirok etishdi.
Seminarda paxta mavsumini samarali tashkil etish, qabul jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, hosilni aniq hisobga olish va ish jarayonlarini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ayniqsa, “AgroTarozi” axborot tizimining yangi va takomillashtirilgan imkoniyatlari amaliy tarzda namoyish etildi. Mutaxassislar tizim orqali paxtani qabul qilish jarayonini elektron shaklda yuritish, ma’lumotlarni tezkor qayd etish va qayta ishlash imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berdi.
Amaliy mashg‘ulotlarda paxtani brutto va netto usulida tortish, transport vositalarining davlat raqam belgilarini avtomatik aniqlash kabi funksiyalar sinovdan o‘tkazildi. Bunday raqamli yechimlar qabul qilinayotgan hosil hajmini aniq hisobga olish, ma’lumotlarni tezkor shakllantirish va inson omili bilan bog‘liq xatolarni kamaytirish imkonini beradi.

Paxta qabul qilish maskanlarida videokuzatuv tizimlarini joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kameralarni tanlash, ularni to‘g‘ri joylashtirish va tortish jarayonini to‘liq qamrab olish orqali shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Mavsum davomida qabul maskanlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida uch smenali ish tartibini yo‘lga qo‘yish, har bir smenada yetarli miqdorda tarozibon va laboratoriya xodimlarining faoliyatini tashkil etish yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, paxtani qabul qilish jarayonida 1-zona va 2-zona talablariga qat’iy rioya etish zarurligi ta’kidlandi. Bu, avvalo, hosilni qabul qilish, tortish, sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash va ma’lumotlarni rasmiylashtirishda yagona tartibni ta’minlashga xizmat qiladi.
Tadbirda “AgroDocs” axborot tizimining imkoniyatlari ham ishtirokchilarga taqdim etildi. Mazkur tizimning hujjatlarni elektron shaklda yuritish, ma’lumotlar almashinuvini soddalashtirish va zarur axborotni tezkor shakllantirishdagi ahamiyati qayd etildi. Mutaxassislar mazkur tizimning amaliyotda ish jarayonini yengillashtirishi va axborot almashinuvini tezlashtirishini ta’kidladi.

Seminar davomida ishtirokchilar raqamli tizimlarning ishlash tartibini bevosita amaliyotda ko‘rib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Bir so‘z bilan aytganda, seminar davomida joriy mavsumda paxta qabul qilish maskanlarida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, hisob-kitoblarni aniq va shaffof yuritish, videonazoratni kuchaytirish hamda ish jarayonini uch smenali tartibda tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri