Nizolarni murosa bilan hal etish yo‘llari muhokama qilindi
Nizoli vaziyatlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning chuqurlashib ketishining oldini olish va taraflarni murosaga keltirish mahallada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, oilaviy nizolarni sudgacha hal etish, taraflarning huquq va manfaatlarini inobatga olgan holda kelishuvga erishishda mediatsiya instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Guliston davlat universitetida mazkur masalalarga bag‘ishlangan seminarda mahallalarda nizoli vaziyatlarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va mediatsiya orqali hal etishning huquqiy mexanizmlari muhokama qilindi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti mas’ullaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan tashkil etildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda «2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur hujjatlarda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish, nizoli vaziyatlarni erta aniqlash va aholi muammolari bilan manzilli ishlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i B. Umarov joylarda aholi bilan manzilli ishlash, nizoli vaziyatlarni erta aniqlash va ularning oldini olishda mahalla tuzilmalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat idoralari, mahalla mas’ullari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i I. Qudratov sohadagi qonunchilik talablari, mediatsiya institutini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda xorijiy tajriba haqida ma’lumot berdi.
Seminarning asosiy mavzularidan biri oilaviy nizolarni mediatsiya orqali hal etishga bag‘ishlandi. Toshkent davlat yuridik universiteti professori A. Haqberdiyevning ma’ruzasida «Mediatsiya to‘g‘risida»gi Qonunning mazmun-mohiyati, mediatsiyaning huquqiy asoslari va uni amaliyotda qo‘llash tartibi tushuntirildi.

Ta’kidlanganidek, mediatsiyaning muhim jihati shundaki, nizolashayotgan taraflar muammoni sudga olib bormasdan, betaraf mediator ko‘magida o‘zaro maqbul yechimga kelish imkoniyatiga ega. Bu ayniqsa oilaviy nizolarda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bunday holatlarda masalaning huquqiy jihati bilan bir qatorda, oilaviy munosabatlarni saqlab qolish, farzandlar manfaatlarini himoya qilish va taraflar o‘rtasidagi kelishmovchilikning yanada chuqurlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik ham muhim. Shu ma’noda, mahalla tizimi mediatsiya imkoniyatlaridan foydalanishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Nizoning sabablarini joyida o‘rganish, taraflar bilan alohida muloqot qilish, ularning huquq va manfaatlarini tushuntirish hamda zarur hollarda mutaxassislarni jalb etish nizoning katta muammoga aylanib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.

Tadbirda mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash va ularni mediatsiya yo‘li bilan hal etishda faol ishtirok etib kelayotgan 5 nafar mahalla mas’uli Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Seminar davomida ishtirokchilar amaliyotda uchrayotgan holatlar yuzasidan mutaxassislarga savollar bilan murojaat qilib, mediatsiya jarayonini tashkil etish, taraflarni murosaga keltirish va nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlari bo‘yicha zarur tushuntirishlar oldilar.

— Bugun nizolarni faqat sud tartibida hal etish emas, balki ularning oldini olish, taraflarni murosaga keltirish va huquqiy manfaatlarini ta’minlash muhim. Zero, nizoni hal qilishning eng yaxshi yo‘li — uni katta muammoga aylantirib, sudga olib borish emas, balki ildizidayoq murosa bilan bartaraf etishdir. Mediatsiya esa ana shu imkoniyatni beradi. Ayniqsa, oilaviy nizolarda murosa nafaqat ikki taraf, balki farzandlar va oila kelajagi uchun ham muhim. Shu bois mahalla mas’ullarining nizoli vaziyatlarni barvaqt aniqlashi, taraflar bilan to‘g‘ri muloqot o‘rnatishi va zarur hollarda mediatsiya mexanizmlaridan samarali foydalanishi katta ahamiyatga ega. Bugungi seminar ham faqat nazariy bilim bilan cheklanib qolmasdan, mahallalarda uchrayotgan nizolarga amaliy yechim topish, huquqiy savodxonlikni oshirish va murosa madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi, — dedi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining mas’ul xodimi Dilnoza Umrzoqova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri