Qayta hisob-kitob natijasida 869,4 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha soliqlar undirildi
Soliq ma’murchiligi tizimida raqamlashtirish jarayonlari izchil davom etmoqda. Joriy etilgan yangi yondashuvlar, xususan tekshiruvdan oldingi tahlillar mexanizmi iqtisodiyotdagi real holatni aniqroq baholash, hisobotlar shaffofligini oshirish hamda yashirin iqtisodiy faoliyatni kamaytirishda muhim vositaga aylanmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida amalga oshirilgan tahlillar natijasida minglab korxonalarning hisobot ma’lumotlari qayta ko‘rib chiqilib, salmoqli miqdordagi qo‘shimcha soliqlar aniqlandi. Bu holat soliq tizimida profilaktik nazorat tamoyili kuchayayotganini, shu bilan birga raqamli texnologiyalar orqali iqtisodiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish imkoniyatlari kengayganini ko‘rsatmoqda.
Mazkur jarayonlar nafaqat byudjet tushumlarini oshirish, balki biznes sub’ektlari o‘rtasida hisobot intizomini mustahkamlash va iqtisodiyotda shaffof muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu mexanizm orqali korxonalarning hisobot ma’lumotlari zamonaviy raqamli tahlil usullari asosida qayta ko‘rib chiqildi. Natijada 42 ming 556 ta korxona tomonidan qayta hisobotlar taqdim etildi va jami 869,4 milliard so‘m qo‘shimcha soliqlar hisoblandi.
Tahlillar iqtisodiyotning bir qator yirik tarmoqlarida hisobotlar va real faoliyat o‘rtasida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatdi. Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish — 386,6 milliard so‘mni tashkil etgan. Ishlab chiqarish 240 milliard so‘m, qurilish 158,4 milliard so‘m, transport 40 milliard so‘m, qishloq xo‘jaligi 33 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
Mazkur ko‘rsatkichlar ayrim tarmoqlarda hisobot intizomi va moliyaviy shaffoflikni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, tekshiruvdan oldingi tahlillar an’anaviy soliq tekshiruvlaridan farqli ravishda profilaktik yondashuvga asoslangan bo‘lib, u hisobotlardagi xatolarni oldindan aniqlash va tuzatish, korxonalarga o‘z-o‘zini ixtiyoriy ravishda to‘g‘rilash imkonini berish, ortiqcha ma’muriy bosimni kamaytirish, raqamli texnologiyalar orqali nazorat samaradorligini oshirish imkoniyatlarini yaratadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA