Milliy armiya — Yangi O‘zbekiston tayanchi
Bugun Yangi O‘zbekistonda yoshlarni vatanparvarlik, milliy g‘urur va yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylanmoqda. Ayniqsa, “Milliy armiyamiz — Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” degan ezgu g‘oya zamirida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, tinchlik qadri va harbiy kasbga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.
Sharof Rashidov tumanidagi 32-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “Vatanparvarlik karvoni” ana shunday yuksak maqsadlarga xizmat qilgan amaliy va ta’sirchan tadbir bo‘ldi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan festival Jizzax garnizonidagi harbiy qismlar, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda faxriylar kengashi hamkorligida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbirning Davlat madhiyasi bilan boshlangani ishtirokchilar qalbida yurtga faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi. Ayniqsa, yoshlarning madhiyani birgalikda kuylagani ularning Vatanga muhabbati va fuqarolik mas’uliyatini yaqqol namoyon etdi.
Festivalda so‘zga chiqqan faxriylar va mutasaddilar tinch va osoyishta hayot ortida milliy armiyamiz va yurt himoyachilarining fidokorona xizmati turganini alohida ta’kidladilar. Bugungi tahlikali va murakkab dunyo sharoitida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi nafaqat tarbiyaviy, balki strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Tadbir doirasida harbiy orkestr chiqishlari, faxriy qorovul saf namoyishlari, xizmat itlari ishtirokidagi maxsus dasturlar hamda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmalari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, harbiylarning intizomi, jismoniy tayyorgarligi va jangovar shayligi o‘quvchilar uchun haqiqiy jasorat maktabi bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan namoyish etilgan qutqaruv vositalari va amaliy ko‘rsatmalar ham yoshlarning bilim va tasavvurini boyitdi. Bu esa armiya va maxsus xizmat tizimlarining xalq xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
[gallery-29566]
Qariyb 600 nafar yoshlar, nuroniylar va mahalla faollarini birlashtirgan mazkur tadbirning eng muhim jihati — Vatan ravnaqi va tinchligi g‘oyasi atrofida jamiyatning barcha qatlamlari bir maqsad yo‘lida jipslasha olganida namoyon bo‘ldi.
Bugun milliy armiyaga hurmat — Vatanga hurmat demakdir. Zero, Yangi O‘zbekistonning tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi va mamlakatimiz taraqqiyoti milliy armiyamiz qudrati, yoshlarning vatanparvarlik ruhida tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. “Vatanparvarlik karvoni” kabi tadbirlar esa ana shu ulug‘ maqsadlarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari