Qashqadaryoda 15 mingdan ortiq fuqaroning mulkiy huquqi e’tirof etildi
Qashqadaryo viloyatida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini qonuniylashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida fuqarolarning yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Sessiyada jami 1 ming 730 nafar fuqaroning yer va mulkka bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish yuzasidan Kengash qarori qabul qilindi. Shu bilan viloyatda mulkiy huquqi e’tirof etilgan fuqarolar soni 15 ming 259 nafarga yetdi.
Mazkur jarayon, avvalo, minglab oilalarning ko‘p yillardan buyon foydalanib kelayotgan mol-mulkiga bo‘lgan huquqlarini qonuniy jihatdan kafolatlash imkonini bermoqda.
Qonun ijrosi doirasida fuqarolar va tadbirkorlarning mulkiy huquqlari tartibga solinib, mulkdan qonuniy va erkin foydalanish imkoniyati kengaymoqda. Bu, o‘z navbatida, turli mulkiy nizolar, jumladan, meros bilan bog‘liq masalalarning ham qonuniy yechim topishiga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri