V “Ustozlar milliy forumi”ning yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida V “Ustozlar milliy forumi”ning yopilish va taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mas’ul xodimlari, vazir o‘rinbosarlari, ustozlar hamda vazirlik markaziy apparati vakillari ishtirok etdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayoni hamda kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.

Sohadagi islohotlar doirasida maktab ta’limiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan Milliy o‘quv dasturini to‘laqonli joriy etish hamda mahalliy va xorijiy mualliflar yaratgan zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, jamiyatda o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish, maktablarning ilg‘or direktori va namunali o‘qituvchi mezonlarini ishlab chiqish hamda ular asosida rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish, maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, mazkur yo‘nalishda uzluksiz monitoring, baholash va prognozlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga oid amaliy ishlar ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ma’muriy islohotlar natijasida maktabgacha, xalq va ixtisoslashgan ta’lim tizimlari yagona maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga birlashtirildi. Hozirgi kunda tizimda 10 mingdan ortiq maktab va 38 mingdan ortiq bog‘chada 8,5 millionga yaqin tarbiyalanuvchi va o‘quvchiga salkam 700 ming nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

So‘nggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. Yangi darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari yaratildi.
Hududlardagi 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etildi. Natijada ilg‘or xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammolarni hal etish, jamoada ishlash kabi amaliy mashg‘ulotlar ulushi sezilarli darajada ortdi.

208 ta maktabning yuqori sinf o‘quvchilariga uchta yo‘nalish bo‘yicha kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi. Chet tilini bilish sertifikatiga ega bo‘lgan maktab bitiruvchilari soni so‘nggi ikki yilda 6 ming nafardan 18 ming nafarga yetdi.
O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi miqdori oshirildi. Jumladan, chet tili, axborot texnologiyalari, matematika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilarga ustama to‘lovlar, chekka hududlarga borib ishlagan muallimlarga esa alohida to‘lov joriy etildi. Maktablardagi o‘quv yuklamasini kamaytirish maqsadida yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratildi.

Tadbir davomida sohada uzoq yillardan buyon faoliyat olib borayotgan bir guruh ustozlar “Xalq ta’limi a’lochisi” va “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Ikki kun davom etgan forumda hududlardan 300 nafardan ortiq ilg‘or, tashabbuskor va yetakchi o‘qituvchi hamda tarbiyachilar ishtirok etdi.
Forumning davomi kaskad usulida 17-18-avgust kunlari viloyat miqyosida, 20-21-avgust kunlari tuman va shaharlarda sho‘ba yig‘ilishlari ko‘rinishida, 24-29-avgust kunlari esa barcha ta’lim muassasalarida pedagogik kengashlar shaklida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA