“Dolzarb 40 kunlik”: hududlarda obodonlashtirish va ekologik tozalash ishlari kuchaytirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” aksiyasi doirasida mamlakat bo‘ylab obodonlashtirish, sanitariya tozalash, ko‘kalamzorlashtirish va atrof-muhit holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Aksiya nafaqat shahar va qishloqlarda, balki muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ham keng qamrovda tashkil etilmoqda. Unda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar xodimlari, kommunal xizmatlar, korxona va tashkilotlar vakillari, mahalla faollari, volontyorlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etmoqda.

Aksiya davomida Surxondaryo viloyatida aksiya doirasida 431 tonna maishiy chiqindi olib chiqildi. Tozalash ishlariga 419 ta maxsus texnika jalb etildi.
Jizzax viloyatida daraxtlar tozalanib, sug‘orildi, xiyobonlar va ularga tutash hududlar obodonlashtirildi.
Xorazm viloyatida suv havzalari tozalanib, umumxalq hasharlari tashkil etildi. Yangi ko‘chatlar ekilib, mavjud yashil hududlarni parvarishlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida daraxtlarni sug‘orish, tanalarini oqlash va hududlarni sanitariya jihatidan tozalash ishlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatida ariqlar va jamoat joylari tozalanmoqda. Andijon viloyatida ko‘chalar va yo‘l yoqalari obodonlashtirilmoqda. Farg‘ona viloyatida esa hasharlar va jamoat joylarini tozalash ishlari davom etmoqda.
Toshkent shahrida obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat-reyd tadbirlari ham o‘tkazilmoqda.
Buxoro viloyatida avariya holatidagi va qurib qolgan daraxtlarni olib tashlash bo‘yicha sanitariya ishlari amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ko‘chalar, ariqlar va kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, Samarqand viloyatida mahallalarni obodonlashtirishga qaratilgan ommaviy hasharlar tashkil etilmoqda.
Hududlarni tozalash va obodonlashtirish bilan birga ekologik huquqbuzarliklarning oldini olishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, chiqindilarni noqonuniy tashlash holatlariga chek qo‘yish, sanitariya tartibini ta’minlash va ekologik qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida reyd tadbirlari kuchaytirildi.
Bu esa aksiyaning asosiy maqsadi faqat hududlarni bir martalik tozalash bilan cheklanmasdan, aholida ekologik mas’uliyat va tozalik madaniyatini shakllantirishga ham qaratilganini ko‘rsatadi.
“Dolzarb 40 kunlik” aksiyasi doirasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ham sanitariya tozalash, obodonlashtirish, yashil hududlarni parvarishlash va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi, Surxon va Zomin davlat qo‘riqxonalari, “Sayg‘oq” buyurtma qo‘riqxonasi, Zarafshon, Xorazm, Orolqum va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘lari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati hamda boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Dolzarb 40 kunlik” aksiyasi 6-sentabrga qadar davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA