Baxmallik yosh ixtirochi mutlaq g‘olib
Toshkent shahrida “Yashil innovatsiyalar” tanlovining respublika bosqichi doirasida yoshlarning ekologik yo‘nalishdagi innovatsion loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Tanlovning yakuniy bosqichiga yo‘l olgan 87 ta loyiha orasidan eng munosib deb topilgan 24 ta ekologik loyiha jami 1 milliard 140 million so‘m miqdoridagi grant bilan qo‘llab-quvvatlandi.
G‘oliblar safidan Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi yosh ixtirochi Sodiqjon Abdujabborov ham o‘rin oldi. U 14-18 yosh toifasida mutlaq g‘olib deb topilib, o‘zining ekologik loyihasi bilan grant sohibi bo‘ldi.
Sodiqjonning ixtirosi qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish, vaqt va resurslarni tejashga xizmat qiladigan piyoz ekishga mo‘ljallangan maxsus traktordir. Ushbu ishlanma zamonaviy agrotexnologiyalarga mosligi va amaliy ahamiyati bilan e’tiborga tushgan.

Yosh ixtirochining g‘oyasi ekologik yo‘nalishdagi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tanlov talablariga hamohang. “Yashil innovatsiyalar” tanlovida atrof-muhitni muhofaza qilish, resurslardan samarali foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalar, innovatsion ekologik qurilmalar va boshqa zamonaviy yechimlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Baxmallik Sodiqjon Abdujabborovning respublika miqyosidagi g‘alabasi yoshlarning amaliy ixtirolarini rag‘batlantirish va ekologik muammolarga texnik yechim izlashga berilayotgan e’tibor samaralaridan biridir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri