“Qancha suv oldik, qanchasini tejadik va nima mahsulot oldik?”– suv xo‘jaligida yangi davr talabi
To‘rtinchi ustuvor maqsad
Bugungi kunda suv resurslaridan oqilona foydalanish butun dunyoda strategik ahamiyatga ega global masalaga aylandi. Endilikda suv faqat qishloq xo‘jaligining oddiy ishlab chiqarish resursi emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligi, ekologik muvozanat va mamlakatning barqaror taraqqiyotini belgilovchi eng bosh omildir.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda yurtimiz rivojining ustuvor milliy maqsadlarini e’lon qilar ekan, to‘rtinchi muhim yo‘nalish sifatida suv va tabiatga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish zarurligini alohida ta’kidladi. Xususan, kelasi besh yil ichida ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Bu vazifalar Suv xo‘jaligi vazirligi tizimi oldiga qanday yangi talablarni qo‘ymoqda? Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro mezonlarga qay darajada mos? Suv resurslaridan foydalanishda so‘nggi yillarda qanday sifat o‘zgarishlari yuz berdi?
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari – Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori Zokir Ishpo‘latov bilan shu haqda suhbatlashdi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, sohadagi eng ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldik. Avvalo, dalaning o‘zida suv tejamkorligini keskin oshirishimiz kerak, – dedi Zokir Ishpo‘latov. – Bunda, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalardan keng ko‘lamda foydalanish eng samarali va optimal usul xisoblanadi. Xususan, 2025-yil yakuni bilan 664,3 ming gektarda tomchilatib, 121,3 ming gektar yomg‘irlatib, 73,0 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lsa, 1,6 million gektar yer maydonlarida lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi. Natijada suvni tejaydigan texnologiyalar ko‘lami sug‘oriladigan maydonlarning 61 foiziga yetkazildi. Endi bu ko‘rsatkichni izchil oshirib borish talab etiladi.
Ikkinchi muhim vazifa – suvni manbadan dalagacha bo‘lgan masofada imkon qadar yo‘qotishlarsiz yetkazishdir. Buning uchun magistral va xo‘jaliklararo kanallarni betonlashtirish, zarurat mavjud hududlarda yopiq quvurli tarmoqlarga o‘tish hamda gidrotexnik inshootlarni rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettiriladi. Chunonchi, birgina 2026-yilning o‘zida 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallarni beton qoplamaga o‘tkazish orqali yiliga qo‘shimcha 500 million kub metr suvni iqtisod qilish maqsad qilingan.
Uchinchidan, suvning har bir kub metrini qat’iy hisobga olish tizimini yaratish lozim. Shu bois, suv resurslarini raqamli hisobga olish, avtomatlashtirilgan boshqaruvni keng joriy etish, “aqlli” suv o‘lchash postlari va SCADA tizimlari qamrovini kengaytirish sohaning eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. Zero, aniq hisob-kitobsiz suvdan foydalanish samaradorligi va tejamkorligini xolis baholash aslo imkonsizdir.
To‘rtinchidan, suv siyosati ekologik siyosat bilan hamohang olib borilishi shart. Biz daryolar, ko‘llar, yer osti suvlari, tuproq va yashil hududlarga yagona, uzviy ekotizim sifatida qarashimiz zarur. Ya’ni, bundan buyon yondashuvimiz suvdan faqat iste’molchi sifatida foydalanishdan iborat bo‘lmay, uni asrash, tabiiy manbalarini tiklash va kelajak avlodlarga beziyon yetkazish mas’uliyatiga asoslanishi lozim.
– Sohada amalga oshirilayotgan ishlarni xalqaro standartlar asosida tahlil qilsangiz, ko‘zlangan maqsadlarga qay darajada erishyapmiz?
– Xalqaro amaliyotda suv resurslarini zamonaviy boshqarishning bir nechta asosiy mezonlari mavjud. Bular – havza tamoyili asosida boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, suvning aniq hisobini yuritish, infratuzilmadagi yo‘qotishlarni kamaytirish, suv va energiya samaradorligini oshirish, sohani raqamlashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat. Ana shu mezonlar nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonda keyingi yillarda zalvorli yutuqlarga erishildi.
Eng avvalo, soha boshqaruvining huquqiy va institutsional asoslari yangilanmoqda. Suv kodeksining qabul qilinishi, respublika va havzalar darajasida suv kengashlarining tashkil etilishi, suvdan foydalanuvchilar va suv yetkazib beruvchilarning huquq hamda majburiyatlari aniq belgilanishi boshqaruv tizimini xalqaro amaliyotga yanada yaqinlashtirdi. Suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish doirasida 10 ta axborot tizimi ishlab chiqilib, ularni yagona axborot bazasiga birlashtirish maqsadida “Suv xo‘jaligi yagona platformasi” yaratildi.
Suv resurslarini hisobga olish va nazorat qilish maqsadida 13 305 ta “Aqlli suv” qurilmasi, yer osti sizot suvlari sathi va minerallashuv darajasini onlayn nazorat qilish uchun 12 809 ta meliorativ kuzatuv qudug‘iga “Dayver”, shuningdek, 1 914 ta nasos stansiyasiga suv hisoblash qurilmalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, 108 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektini avtomatlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Ayni paytda suv xo‘jaligida raqamlashtirish ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Respublika va viloyatlar chegaralarida suv resurslarini onlayn hisobga olish maqsadida 272 ta onlayn suv hisoblash qurilmasi o‘rnatilmoqda. Shuningdek, tumanlararo suv resurslarini nazorat qilish uchun 1 895 ta onlayn suv hisoblash qurilmasi, 1 698 ta nasos stansiyasidagi 5 204 ta nasos agregatiga suv va elektr energiyasi hisoblagichlarini o‘rnatish bo‘yicha loyiha ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur raqamli yechimlar suv taqsimoti va hisobining aniqligi, tezkorligi hamda shaffofligini oshirishga xizmat qilmoqda.
2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturda irrigatsiya tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,67 dan 0,75 gacha oshirish, beton qoplamali kanallar ulushini 39 foizdan 47 foizga yetkazish kabi aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilangan.
Sohadagi islohotlar xalqaro moliya institutlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, Jahon banki ishtirokida 2025-yilda tasdiqlangan loyiha doirasida 259 kilometr yirik kanalni modernizatsiya qilish, SCADA tizimlari va suv o‘lchagichlarni joriy etish orqali yiliga qariyb 540 million kub metr suv hamda 165 million kVt·soatdan ortiq elektr energiyasini tejash ko‘zda tutilgan. Albatta, bu natijalar barcha muammolar hal qilindi, degani emas. Hali eskirgan irrigatsiya tarmoqlari, filtratsiya orqali suv yo‘qotishlari, ayrim hududlarning nasoslarga yuqori darajada bog‘liqligi, joylarda suv hisobini to‘liq raqamlashtirish kabi vazifalar mavjud. Shu ma’noda aytish mumkinki, yo‘nalishimiz to‘g‘ri, natijalarimiz sezilarli. Lekin oldimizdagi vazifalar ko‘lami ham hali juda katta.
– Davlatimiz rahbari to‘rtinchi maqsad sifatida e’tirof etgan suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish masalasi nimasi bilan dolzarb?
– Bu masalaning naqadar dolzarbligini raqamlarning o‘zi ko‘rsatib turibdi. O‘zbekistonda mavjud suv resurslarining qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanadi. Shu bilan birga, mamlakatimiz foydalanadigan suv resurslarining asosiy qismi transchegaraviy manbalar hisobidan shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi esa mavjud vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Shunday sharoitda Prezidentimizning “suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish” g‘oyasini faqat yangi texnologiyalarni joriy etish bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu, eng avvalo, tafakkur va munosabatni o‘zgartirish muhimdir. Avvallari suv yetarli resursdek qabul qilingan bo‘lsa, bugun har bir kub metr suvning iqtisodiy va ekologik qiymati borligini, uning ortida kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat turganini anglashimiz zarur.
Davlatimiz rahbari ham tabiatga munosabatni xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyot sifatining muhim ko‘rsatkichi sifatida baholadi. Shu bois suvni tejash madaniyatini faqat fermer yoki suv xo‘jaligi xodimlari orasida emas, balki sanoat korxonalari, mahallalar va har bir xonadongacha olib kirishimiz kerak. Suvni tejash kundalik hayotimiz va ishlab chiqarish madaniyatimizning ajralmas qismiga aylanishi lozim.
– So‘nggi o‘n yillikda suv resurslari bilan bog‘liq erishilgan eng yuqori natijalarni aytsangiz?
– Eng katta natijani, avvalo, suv tejamkorligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganida deb bilish mumkin. Raqamlarga murojaat qilsak, 2017-yilda suv tejovchi texnologiyalar bor-yo‘g‘i 28 ming gektar maydonda qo‘llanilgan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib, bu ko‘rsatkich 2,6 million gektarga, ya’ni sug‘oriladigan maydonlarning 60 foiziga yetdi. Faqat 2025-yilning o‘zida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash hisobiga 2,3 milliard kub metr suv tejaldi.
Ikkinchi katta natija – suv xo‘jaligini raqamlashtirish jarayonining boshlangani. Ilgari suv miqdorini ko‘p hollarda joyiga borib o‘lchashga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun minglab nuqtalarda ma’lumotlarni masofadan turib olish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat tezkorlikni, balki suv hisobining aniqligi va shaffofligini ham oshirmoqda.
Uchinchi muhim natija – kanallarni betonlashtirish va irrigatsiya infratuzilmasini yangilash ishlarining ko‘lami keskin kengaygani. Respublikamizdagi mavjud 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga suv yetkazib berishda 174 ming kilometr sug‘orish tarmoqlaridan foydalanib kelinmoqda.
2025-yilda magistral va xo‘jaliklararo kanallarning 561,4 kilometr qismi hamda “Suv yetkazib berish xizmati” muassasalari tasarrufidagi kanallarning 4,3 ming kilometr qismi betonlashtirildi. Shuningdek, fermer va klasterlarning 18,7 ming kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarida ham betonlash ishlari amalga oshirildi.
Bu ishlar joriy yilda ham izchil davom ettirilayotgan bo‘lib, 1,3 ming kilometr magistral va xo‘jaliklararo kanallarni betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, fermer va klasterlar tomonidan 20 ming kilometrdan ortiq ichki sug‘orish tarmoqlarida betonlash ishlari bajarildi.
Eng muhimi, o‘n yil avval asosiy vazifa suvni qanday qilib yetishtiruvchiga yetkazib berish bo‘lgan bo‘lsa, bugun yondashuv o‘zgarmoqda. Endi “qancha suv oldik, qanchasini yo‘qotdik, qanchasini tejadik va bir kub metr suvdan qancha mahsulot oldik?” degan mezonlar birinchi o‘ringa chiqyapti.
– Mamlakatimizda yangidan-yangi turar joylar va ekin maydonlari tashkil etilayotganining suv resurslariga ta’siri qanday?
– Albatta, aholi sonining o‘sishi, yangi shaharlar va turar joy massivlari barpo etilishi, sanoat korxonalari hamda qishloq xo‘jaligi maydonlarining kengayishi suvga bo‘lgan talabni oshiradi. Bu tabiiy jarayon. Ammo bu yerda bir muhim jihatni hisobga olish kerak: mamlakatimizda ishlatilayotgan suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Demak, suv balansiga eng katta ta’sir, birinchi navbatda, sug‘oriladigan dehqonchilikdagi samaradorlikka bog‘liq.
Shuning uchun yangi ekin maydoni tashkil qilish shunchaki qo‘shimcha suv talabini yuzaga keltirish degani bo‘lmasligi kerak. Yangi maydonlar kafolatlangan suv manbasi, aniq suv balansi va zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar bilan birgalikda rejalashtirilishi zarur. Boshqacha aytganda, bir gektar yangi maydonni o‘zlashtirishdan oldin uning suvi qayerdan olinishi, qancha suv talab qilinishi va bu suvdan qay tarzda samarali foydalanilishi aniq hisob-kitob qilinishi shart.
Yangi turar joy massivlarida ham xuddi shunday yondashuv talab etiladi. Ichimlik suvi tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish, zamonaviy hisoblagichlarni keng qo‘llash, oqova suvlarni tozalash va texnik ehtiyojlar uchun qayta ishlatish, yashil hududlarni suv tejamkor usullarda sug‘orish kabi choralar muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, bugun suvga munosabatni tubdan o‘zgartirish – davr talabi. Endi har bir kub metr suvga shunchaki tabiiy resurs emas, balki iqtisodiy taraqqiyot, ekologik barqarorlik va kelajak avlodlar manfaati bilan bog‘liq bebaho ne’mat sifatida qarashimiz zarur. Suvni tejash, uni aniq hisobga olish, zamonaviy texnologiyalar asosida samarali boshqarish va yo‘qotishlarni kamaytirish nafaqat suv xo‘jaligi tizimining, balki butun jamiyatning umumiy vazifasiga aylanishi kerak. Shuni unutmaylik, bugun asralgan har bir tomchi suv – ertangi kun barqarorligi, farovonligi va kelajagiga qo‘shilgan muhim hissadir.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi