Tadbirkor murojaatiga joyida yechim topildi
Davlat rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, tashqi iqtisodiy faoliyatdagi to‘siqlarni bartaraf etish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan islohotlar amaliyotda aniq natijalar bermoqda. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham buning amaliy ifodasi namoyon bo‘ldi.
Uchrashuvda Bojxona qo‘mitasi mas’ullari, hududiy bojxona organlari mutaxassislari hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etishdi. Muloqotda tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolar, tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishdagi mavjud masalalar va ularning yechimiga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda bojxona tizimining vazifasi faqat tovarlarni nazorat qilish bilan cheklanmaydi. Balki qonuniy tashqi savdoni qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va tadbirkorning vaqti hamda mablag‘ini tejash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ochiq muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda mazkur hujjat bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston bojxonasi — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar xususida ham so‘z yuritildi. Jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, bojxona tartiblarini takomillashtirish va xizmatlar samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Uchrashuvning amaliy ahamiyati tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, “Po‘lat suv qurilish montaj” MCHJ vakili Sh. Xazratov viloyatdagi maktablarni havo almashinuvi va konditsionerlash tizimlari bilan jihozlash maqsadida olib kelingan tovarlarga nisbatan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash masalasida murojaat qildi.
Murojaat mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqilib, tadbirkorga tegishli tushuntirishlar berildi va masala joyida hal etildi. Natijada olib kelingan tovarlarga nisbatan 280,1 million so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyoz qo‘llanilib, ular “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirildi.
Ushbu natija ochiq muloqotning mohiyatini ifodalaydi: tadbirkorning muammosini eshitishning o‘zi emas, balki uni qonunchilik doirasida hal etish va aniq amaliy natijaga erishish muhim. Ayniqsa, maktablarni zamonaviy havo almashinuvi va konditsionerlash tizimlari bilan ta’minlashga qaratilgan loyihada bojxona imtiyozining qo‘llanilishi tadbirkor uchun moliyaviy yengillik yaratish bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ega ishlarni amalga oshirishga ham ko‘mak beradi.

Muloqot davomida bildirilgan boshqa fikr va takliflarni o‘rganish, mavjud muammolarga qonuniy yechim topish hamda tadbirkorlik sub’ektlariga zarur amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bunday uchrashuvlar bojxona organlari va ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, muammolarni erta aniqlash va ularni tezkor hal etish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi. Eng muhimi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning samarasi qabul qilinayotgan qarorlar bilangina emas, balki ularning joylarda qanday ishlayotgani, fuqaro va tadbirkor hayotida qanday o‘zgarishlar yaratayotgani bilan ham belgilanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri