Har bir niholga – bir mas’ul
Farg‘ona viloyatidagi texnikumlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘quvchilarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda tabiatga mehr va mas’uliyat hissini shakllantirishga qaratilgan o‘ziga xos tashabbus yo‘lga qo‘yildi.
Tashabbusga ko‘ra, ta’lim muassasalari hududidagi mevali va manzarali daraxtlar o‘quvchilarga biriktirilib, ularga mas’ul yoshlarning ism-familiyasi yozilgan maxsus yorliqlar o‘rnatilmoqda.
Farg‘ona viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i T. Boymatov ishtirokida ta’lim muassasalarida yashil hududlarni asrab-avaylash, daraxtlarni parvarishlash va obodonlashtirish ishlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Endilikda har bir o‘quvchi o‘ziga biriktirilgan daraxtni parvarishlashga mas’ul. Yoshlar daraxtlarni o‘z vaqtida sug‘orish, atrofini tozalash, tuprog‘ini yumshatish va boshqa agrotexnik tadbirlarni bajarishda bevosita ishtirok etadi.
— Menga gilos daraxti biriktirildi, - deydi Furqat tumani texnikumi o‘quvchisi Mo‘minmirzo Abdusamadov. — Uni muntazam sug‘orib, atrofini toza saqlashga, yaxshi o‘sib, hosil berishi uchun parvarishlashga harakat qilaman.
[gallery-32192]
Mazkur tashabbus ta’lim muassasalari hududini yanada ko‘kalamzorlashtirish bilan birga, yoshlarda tabiatga daxldorlik, mehnatsevarlik va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA