Mehnat munosabatlarida xavfsiz va hurmatga asoslangan muhit
Bugungi kunda mehnat munosabatlarida inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, har bir xodim uchun xavfsiz ish muhitini yaratish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda. Zero, xodim o‘zini himoyalangan va qadrlangan his qilgan jamoada mehnat samaradorligi ham, o‘zaro ishonch va mas’uliyat ham mustahkamlanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson manfaatlarini ta’minlash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar doirasida mehnat sohasida ham xavfsiz, adolatli va hurmatga asoslangan muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash, muammolarga o‘z vaqtida munosabat bildirish va mutaxassislarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Buxoroda “Davlat mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish” mavzusida viloyat trenerlari uchun maxsus o‘quv kursi bo‘lib o‘tmoqda. Mashg‘ulotlarda 52 nafar trener qatnashmoqda..
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentabrdagi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbir Boshqaruv samaradorligi agentligining viloyat filiali va viloyat hokimligi hamkorligida o‘tkazilmoqda. Unda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, huquqshunoslar, psixologlar va ijtimoiy fanlar mutaxassislari qatnashyapti.
Mazkur o‘quv kursining ahamiyati shundaki, uning natijasi faqat ishtirokchilarning bilimlarini oshirish bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad — olingan bilimlarni joylarda amaliyotga tatbiq etish, tashkilot va korxonalarda tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qodir mutaxassislar tizimini shakllantirishdir.

O‘quv dasturidan mehnat munosabatlarida tazyiq va zo‘ravonlikning mohiyati, ularning huquqiy asoslari, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi, jabrlangan shaxslar bilan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish hamda trenerlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mavzular o‘rin olgan. Nazariy bilimlar keys-tahlillar, rolli o‘yinlar, amaliy vaziyatlar va mustaqil mikrodarslar orqali mustahkamlanmoqda.
Bu yondashuvning muhim jihati shundaki, tazyiq yoki zo‘ravonlikka duch kelgan shaxsning murojaatini shunchaki qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Holatni to‘g‘ri baholash, murojaat etuvchi bilan ehtiyotkor va hurmatli munosabatda bo‘lish, uning huquqlarini himoya qilish hamda belgilangan tartibda chora ko‘rish ham mutaxassislardan yuksak kasbiy tayyorgarlikni talab etadi.
Trening yakunida ishtirokchilar o‘z tashkilotlarida mustaqil ravishda o‘quv kurslarini tashkil etish va o‘tkazishga tayyor bo‘ladi. 2026-yil noyabr–dekabr oylarida ular viloyatdagi davlat organlari, tashkilotlar va korxonalarda, birinchi navbatda, kadrlar xizmati xodimlari uchun mashg‘ulotlar olib boradi.

Shu tariqa, qisqa muddatli o‘quv kursi orqali egallangan bilimlarni kengroq amaliyotga tatbiq etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish va jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, mehnat jamoalarida inson qadrini ustuvor bilish, har bir xodimning huquqlarini hurmat qilish va tazyiq hamda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga xizmat qiladigan tizimni mustahkamlashdir.
Ma’lumot uchun shuni aytib o‘tish lozimki, milliy dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan Buyuk Britaniya hukumati hamda Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri