“Qalmoqqir” konidagi islohotlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, rangli metallurgiya yo‘nalishida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari eksport salohiyatini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Yangi investitsion loyihalar, zamonaviy texnikalar hamda raqamlashtirish tizimlarining joriy etilishi esa sohani mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqyapti. Ana shunday yangilanishlar zamirida OKMKning “Qalmoqqir” kon boshqarmasi bugungi kunda nafaqat ishlab chiqarish hajmi, balki texnologik salohiyati bilan ham mamlakatimiz tog‘-kon sanoatining yetakchi korxonalaridan biriga aylandi.

– Men mehnat faoliyatimni 1980-yilning sentabr oyida “Qalmoqqir” konida ekskavator mashinist yordamchisi sifatida boshlaganman, – deydi “Yoshlik-1” koni Baliqti kareri boshlig‘i Mamasodiq Karimov. – O‘sha paytlarda konda asosan kovsh sig‘imi 8 kub metr bo‘lgan ekskavatorlardan foydalanilardi. Keyinchalik sig‘imi 10 kub metrli texnikalar olib kelinganida, ular bizga bahaybat bo‘lib ko‘ringan edi. Yillar o‘tib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilandi va konga eng zamonaviy texnologiyalar, ulkan ekskavatorlar olib kelina boshlandi.

Eski texnikalardan farqli o‘laroq, bugungi yangi ekskavatorlarda mashinist va yordamchilar uchun barcha sharoitlar hamda yuqori darajadagi qulayliklar yaratilgan. Masalan, moylash tizimlari to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, bu ish unumdorligini oshiradi.
Kombinatda har bir oddiy ishchining g‘oya va ratsionalizatorlik takliflariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshgan xodimlar moddiy va ma’naviy jihatdan munosib rag‘batlantirilmoqda.

So‘ngi yillarda “Qalmoqqir” kon boshqarmasining asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari barqaror o‘smoqda. 2017-yilda 32,2 million tonna ma’dan qazib olingan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 34,3 million tonnaga yetkazildi. 2025-yilda esa bu ko‘rsatgich 37,4 million tonnani tashkil etdi. Yer ochish ishlari ko‘lami ham sezilarli darajada kengaydi. 2017-yilda 9,4 million kub metr bo‘lgan ushbu ko‘rsatkich, 2025-yilda 18,4 million kub metrgacha oshdi. Umumiy tog‘ massasi hajmi ham izchil ortib, 2017-yildagi 22,1 million kub metrdan 2025-yilda 32,8 million kub metrga yetdi.
“Qalmoqqir” kon boshqarmasi bosh mexanigi Abdulaziz Shodiyevning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish sur’atlarining ortishi, avvalo, avtoparkni tubdan modernizatsiya qilish bilan chambarchas bog‘liq. Bundan 10 yil avval konda 42 ta ekskavator hamda 22 dona burg‘ilash uskunasi faoliyat ko‘rsatgan. O‘shanda konda asosan EKG-5, EKG-8 va EKG-10 rusumidagi nisbatan kichik hajmli kon qazish texnikalari ishlagan, yuqori quvvatga ega EKG-20 ekskavatoridan esa atigi bir dona bo‘lgan.

Ma’danni qazib olish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida keyingi yillarda “Qalmoqqir” koniga qo‘shimcha ravishda 3 ta EKG-15 va 2 ta EKG-10 ekskavator olib kelindi va texnikalar soni 47 taga yetkazildi. Shuningdek, 3 ta burg‘ilash uskunasi ham keltirildi.
Mazkur konda raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, kon-transport nazorat tizimlari ishga tushirilib, avtosamosvallar, ekskavator, burg‘ilash agregatlari hamda yordamchi texnikalar planshetlar, GPS/GLONASS trekkerlari va zamonaviy sensorlar bilan jihozlandi. Bu esa barcha jarayonlarni aniq vaqt rejimida kuzatish, ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.


“Qalmoqqir” kon boshqarmasida amalga oshirilayotgan islohotlar oddiy modernizatsiya emas, balki ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik yondashuvdir. Yangi avlod ekskavatorlari, ilg‘or burg‘ilash uskunalari va zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilishi, korxonaning nafaqat bugungi barqaror faoliyatini, balki kelgusi yillardagi istiqbolli taraqqiyotini ham ta’minlamoqda.
A.Musayev,O‘zA.