Farg‘ona tarixiy natijaga erishdi: bir hudud ikki xalqaro reyting e’tirofida
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar yangi bosqichga chiqib, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi va moliyaviy salohiyati xalqaro darajada e’tirof etilmoqda. Bu jarayon ayniqsa viloyatlar xalqaro kredit reytinglarini qo‘lga kiritayotganida ham yaqqol namoyon.
Shu jihatdan Farg‘ona viloyati “Fitch Ratings” agentligi tomonidan “BB-Barqaror” reytingiga munosib deb topilishi muhim voqelikdir. Ushbu viloyat mamlakatimizning bir vaqtda ikki nufuzli xalqaro reytingga ega bo‘lgan ilk hududiga aylandi.
Ayni mavzuda iqtisodiyot fanlari nomzodi, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Muhsinjon Xolmuhamedov bilan video suhbat uyushtirdik.
Mutaxassis fikricha, mazkur baho Farg‘ona viloyatida moliyaviy boshqaruv, byudjet intizomi va iqtisodiy faollik samaradorligi tobora mustahkamlanayotganini anglatadi. Ayniqsa, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi yuksalayotgani, tadbirkorlik muhiti yaxshilanayotgani xalqaro agentliklar e’tiborini tortgan asosiy omillardir.
Muloqot davomida xalqaro reytinglar investorlar ishonchini oshirish, infratuzilma loyihalari uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar yaratish hamda tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qayd etish joiz, Farg‘ona viloyati 2025-yil “S&P Global Ratings” agentligi “BB-” reytingini olgan edi. “Fitch Ratings” tomonidan berilgan navbatdagi daraja esa hududning xalqaro moliya bozoridagi barqaror va ishonchli o‘rnini yanada kuchaytirdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/q8H1UEQNLx8?si=e21wwoyMn4X0mRqh" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Iskandar Ismatov (video), O‘zA