Inson qadri ulug‘langan yurt
Tavakkal Qodirovning 100 yilligi
O‘zbekiston xalq artisti Tavakkal Kodirov Farg‘ona viloyatining Quva tumanida dehqon oilasida tavallud topgan. Bolaligidan musiqaga qiziqqan va mahalliy san’atkorlardan doira va g‘ijjak chalish sirlarini o‘rganadi. Keyinchalik u o‘zbek mumtoz musiqasi, ayniqsa, “Dugoh”, “Segoh” kabi maqom yo‘llarini puxta o‘zlashtirib, professional san’at yo‘liga kirib keladi.

U Farg‘ona musiqa bilim yurtida tahsil olgan, keyinchalik Farg‘ona pedagogika institutini ham tamomlagan. San’atkor mehnat faoliyatini Quva tumani madaniyat uyida boshlab, badiiy rahbar sifatida ishlagan. So‘ngra Farg‘ona teatri va Farg‘ona viloyatlararo filarmoniyasida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Umrining so‘nggi yillari Tavakkal Qodirovga professor unvoni berildi va u Farg‘ona davlat universitetida yoshlarga tahsil bergan.
Tavakkal Qodirov ijrosidagi xalq qo‘shiqlari va mumtoz ashulalar tinglovchilarga alohida ruhiy ta’sir ko‘rsatar edi. Uning ovozida milliylik, samimiyat va xalqona ohang mujassam edi.

Avval xabar berganimizdek, 30-31-may kunlari Farg‘ona shahrida “Tavakkal Qodirov qo‘shiqlari el qalbida” nomli xalqaro tanlov o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston xalq artisti, Respublika “Maqom” ansambli rahbari Abduhoshim Ismoilov bizga intervyu berdi.
– Muhtaram Prezidentimiz inson qadrini ulug‘lashga hamisha yuksak e’tibor beradilar. Nafaqat o‘tgan ustozlar, balki bugungi kun san’at ahlining ham iste’dodini yaxshi biladilar va qadrlaydilar. Yurtimizda 29-31-may kunlari O‘zbekiston bulbuli deb nom olgan O‘zbekiston xalq artisti, muxlislar yuragidan joy olgan, yuqori va shirali ovoz egasi, ustozimiz Tavakkal Qodirovning 100 yilligi keng nishonlanadi. Bu buyuk san’atkorni nafaqat O‘zbekistonda, balki turkiy davlatlar san’at shinavandalari ham yaxshi biladilar, uning ijodini e’zozlaydilar.

Shu kungacha mamlakatimizda bo‘ladigan barcha bayramlar, ommaviy tadbirlarda Tavakkal Qodirov ijrosida qo‘shiq boshlanib, uni bugungi yoshlar davom ettiradi. Xalqimizning “ikki dunyoing obod bo‘lsin” degan duolari ijobati shu bo‘lsa kerak. Shu munosabat bilan aytmoqchimanki, bunday san’atkorning 100 yilligini xalqaro miqyosda nishonlash barcha san’atkorlar uchun namuna. Ustoz san’atkorni qadrlash ortida bugungi san’at ahli, ayniqsa, yoshlar uchun sen ham Vatanga va san’atga halol xizmat qilsang, mana shunday ulug‘lanasan, degan ma’no bor.

Yana bir gap. Yaqinda tarixiy voqea ro‘y berdi. Hali yashab turgan san’atkor Farrux Zokirov nomiga maktab qo‘yildi. Bu ham biz uchun, xalqimiz uchun katta ibrat. Shu ma’noda ham Tavakkal Qodirovning 100 yilligini bu qadar ommaviy ravishda nishonlash birinchidan bayram, ikkinchidan ibrat. Ishonchim komil, bu xalqaro tadbir xalq bayramiga aylanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Bfr-EZ0JYJk?si=pOlwsenh-AMppMo5" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA