Kitobxonlik harakati — millat ma’naviy qudratiga zamin
Har gal oilaviy biror savdo markazigami yoki istirohat bog‘igami borsak, kitob sotilayotgan rastalarni ko‘rganda qizlarim birinchi navbatda shu rastalar oldiga chopib boradi. Katta qizim klassik va zamonaviy adabiyotlarni ko‘rib, “shuni o‘qiyman degandim, bunisiyam zo‘r asar” deya saralab boshlaydi. Hatto bog‘chaga boradigan qizim ham kitoblar, ertak to‘plamlari, “Raskraska”larni tanlab olishga tushadi. Bunday paytda, albatta, kitob rastalari oldidan kitoblarsiz qaytmaymiz. Farzandlarimizning kitobga bo‘lgan mehridan, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqidan quvonamiz.
Biz singari oilaviy borganlar yoki yoshlar to‘p-to‘p bo‘lib, kitoblar sotib olayotgani, asarlarni tahlil qilayotganini ko‘rib, ikki karra xursand bo‘laman — demak, yoshlarimiz kitobga oshno. Kitoblar, asarlar ustida borayotgan bahslar esa kitobxon avlodning namunasi.

Darhaqiqat, yurtimizda aholi va yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Ushbu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, qator Prezident qaror va farmonlari qabul qilindi. 2017-yilda “Yosh kitobxon” tanlovi yo‘lga qo‘yilib, millionlab yoshlar kitobxonlikka jalb qilindi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi ham joriy etilib, har bir oilaga mutolaa muhitini, kitobxonlik madaniyatini olib kirmoqda. Mazkur tanlovlarda g‘olib bo‘layotgan eng yosh kitobxon farzandlarimiz va kitobxon oilalar Prezident sovg‘asi – zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlanmoqda.

Bunday rag‘bat va e’tibor aholi o‘rtasida kitobxonlikni va mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, har bir insonni kitob bilan oshno bo‘lishga chorlaydi, tafakkurni boyitishga ishtiyoqni oshiradi. Zero, kitobxonlik va mutolaa muhiti millat kelajagi, xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy qudratiga zamin bo‘ladigan omildir.
Endilikda bu kabi hayotiy loyihalarning mantiqiy davomi sifatida davlatimiz rahbari tomonidan “Milliy kitobxonlik harakati” dasturiga start berildi.

Qayd etish lozimki, mazkur dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Ushbu harakat mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
“Milliy kitobxonlik harakati” yoshlarimizni kitob bilan hamnafas ravishda kamol topishi, ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganishi hamda mutolaa madaniyati keng quloch yoyishi uchun katta rag‘bat va motivatsiya bo‘ladi. Boy ma’naviy, ilmiy, badiiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish millatimizning aslini, nimalarga qodir ekanligini namoyon qilish imkonini beradi. Shunday ekan, ushbu dastur kitobxon avlodni shakllantirish barobarida ular orqali o‘zligimizni, ajdodlarimiz merosini dunyoga keng taratishda eng yirik ma’rifiy harakatga aylanadi.
Bugun yoshlarimiz kitob bilan yonma-yon, ularning kitob o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi baland. Ilmu ziyoli, ma’rifatli, kitobsevar avlod esa jadid bobolarimiz orzu qilganidek, ma’rifatparvar millat ravnaqiga, taraqqiyotiga, zamon bilan hamnafas rivojlanishiga zamin bo‘ladi. Kitobxonlik harakati esa buloq singari millat ma’naviy qudratini muntazam ta’minlab turadigan katta kuch bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA