Qadimiy qadamjo yangi qiyofa kasb etdi
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi «Qori Soqiy ota» ziyoratgohi qayta ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Mazkur maskanda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida ziyoratchilar va mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Yozyovon tumanida xalqimizning boy ma’naviy merosi, tarixiy xotirasi va milliy qadriyatlari bilan bog‘liq 18 ta ziyoratgoh mavjud. Keyingi yillarda ushbu qadamjolarni obodonlashtirish, ularning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini saqlash, ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-oktabrdagi «Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Yozyovon tumanida ham qator bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Xususan, «Yuqori» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida «Yangi O‘zbekiston qiyofasi»ni shakllantirishga qaratilgan ishlar doirasida «Qori Soqiy ota» ziyoratgohini obodonlashtirish uchun 3,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Mazkur mablag‘ hisobidan ta’mirtalab holga kelib qolgan ziyoratgoh qayta ta’mirlanib, hududi obodonlashtirildi. Bu yerda O‘lkashunoslik muzeyi, 200 o‘rinli tantanalar majmuasi, zamonaviy xizmat ko‘rsatish va servis shoxobchalari tashkil etildi.
Yaqinda yangilangan ziyoratgohning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda nuroniylar, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda milliy qadriyatlarimiz va tarixiy qadamjolarni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyati ta’kidlandi.
[gallery-32054]
Endilikda ushbu maskanni nafaqat ziyoratchilar, balki mahalliy aholi va mehmonlar uchun ham qulay dam olish hududiga aylantirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, ziyoratgohni hududiy ziyorat turizmi yo‘nalishlariga kiritish rejalashtirilgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA