Polina Kudermetova “US Open-2026” turniri bilan xayrlashdi
Nyu-Yorkda tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirining saralash bahslari qizg‘in davom etmoqda.
Shu kunlarda Nyu-York shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi AQSH ochiq chempionatining saralash bahslari davom etmoqda. Unda hamyurtimiz Polina Kudermetova o‘zining ilk uchrashuvini o‘tkazdi.
Mukofot jamg‘armasi 108 million AQSH dollarini tashkil etuvchi “US Open-2026” musobaqasining ayollar o‘rtasidagi saralash bahslarida mamlakatimizning uchinchi raqamli tennischisi Polina Kudermetova chexiyalik Linda Fruxvirtovaga qarshi kortga chiqdi. Afsuski, mazkur to‘qnashuvda Polina 1:6, 3:6 hisobida raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va yakkalik bellashuvlardagi ishtirokini yakunladi.
13-sentabrga qadar davom etadigan “US Open-2026” musobaqasining ayollar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlarida ikki nafar tennischimiz Kamilla Rahimova va Mariya Timofeyeva ham ishtirok etmoqda. Ular turnirning asosiy to‘riga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA