Gandbolchi yoshlarimiz Osiyo chempionatida Hindiston jamoasini mag‘lub etdi
Iordaniya poytaxti Ammon shahrida gandbol bo‘yicha o‘tayotgan 11-Osiyo chempionati guruh bosqich o‘yinlarining uchinchi turida O‘zbekiston U-18 terma jamoasi muvaffaqiyatga erishdi.
Kecha o‘tkazilgan mazkur turda o‘zbekistonlik gandbolchi yigitlar Hindiston jamoasi bilan kuch sinashdi.
Uchrashuv har jihatdan shiddatli kechdi. Maydonning har bir chizig‘ida to‘p uchun shiddatli kurashlar bo‘lib o‘tdi. Bu jamoalarning jamg‘argan ochkolari holatida ham o‘z aksini topdi. O‘zbekiston 0 Hindiston: 38:35.
Hindiston terma jamoasini 3 ta ochko farqi bilan mag‘lub etgan O‘zbekiston U-18 terma jamoasi endi guruhdagi so‘nggi o‘yinni 26-avgust kuni o‘tkazadi.
Hamyurtlarimiz 4-turda Iordaniya jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Ortda qolgan uchta tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, “A” guruhida 6 ochko jamg‘argan Bahrayn va Janubiy Koreya jamoalari 1 va 2-o‘rinni band etgan bo‘lsa, 2 ochkoga ega Indoneziya va O‘zbekiston keyingi qatorlarda harakatlanmoqda. 3 ta turda bironta ham ochko jamg‘armagan Hindiston jamoasi so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Ma’lumot uchun, o‘smirlar o‘rtasidagi 12-jahon chempionatiga saralash bosqichi vazifasini o‘taydigan mazkur chempionatda 10 ta milliy terma jamoa 2 ta guruhga bo‘lingan holda bahslashmoqda.
“A” guruhida Janubiy Koreya, Bahrayn, Iordaniya, O‘zbekiston va Hindiston jamoalari, “B” guruhda Qatar, Eron, Kuvayt, Suriya, Saudiya Arabistoni jamoalari kuch sinashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionati o‘yinlari 31-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA