“Paxtakor” – yakka peshqadam
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi yigirma birinchi turning markaziy uchrashuvi Toshkentning “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi yigirma birinchi turning markaziy uchrashuvi Toshkentning “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.Mazkur bahsda turnirda peshqadamlik qilib kelayotgan har ikki jamoaning g‘alaba qozonish imkoniyati teng edi. Shu bois o‘yin murosasiz ruhda kechdi. 41-daqiqada “Paxtakor” klubida to‘p surayotgan Sherzod Karimov hisobni ochdi. 83-daqiqada Jaloliddin Masharipov ham “Lokomotiv” darvozasiga to‘p kiritgan bo‘lsa, 90-daqiqada temiryo‘lchilar safida o‘ynayotgan Lutfulla To‘rayev hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa 2:1 hisobida g‘alaba qozongan “Paxtakor” jamoasi ochkolar sonini 54 taga yetkazib oldi va turnir jadvalida yakka peshqadamga aylandi. “Lokomotiv” esa 49 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilayotgan Qarshining “Nasaf” va Toshkentning “Bunyodkor” jamoalari ham 21-tur doirasidagi uchrashuvlarni o‘z foydasiga hal qildi. “Nasaf” G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, “Bunyodkor” Bekobodning “Metallurg” jamoasi ustidan 1:0 hisobida zafar quchdi.
Turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Qo‘qon –1912” (Qo‘qon) – “Mash’al” (Muborak) 2:1, “Andijon” (Andijon) – “Qizilqum” (Navoiy) 3:2, “Dinamo” (Samarqand) – “Navbahor” (Namangan) 2:1, “So‘g‘diyona” (Jizzax) – “Neftchi” (Farg‘ona) 0:1, “Olmaliq” (Olmaliq) – “Buxoro” (Buxoro) 1:1.