Paxta sanoati kelajagi: xalqaro muloqotda yangi vazifalar va innovatsion yechimlar muhokama qilindi
Bugun jahon qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati tub o‘zgarishlar hamda keskin sinovlar davrini boshdan kechirmoqda.
Iqlim isishi, suv va resurs taqchilligi, kuchayib borayotgan ekologik talablar hamda xaridorning mahsulot kelib chiqishiga yuqori e’tibori paxtachilikdan tortib, oziq-ovqat xavfsizligigacha bo‘lgan butun sohaga batamom yangicha yondashuvni talab etmoqda.
Ayni masalalarga javob izlash maqsadida mintaqamizda ham turli anjumanlar o‘tkazilib, sohaning yetakchi ekspertlari va mutaxassislari izchil muloqot olib bormoqda.
Xususan, Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan tadbir doirasidagi panel sessiyalari shunchaki mavjud holatni sharhlash emas, balki tarmoqning uzoq muddatli istiqbolini belgilaydigan yirik maydonga aylandi. Muhokama chog‘ida tuproqni qayta tiklashga qaratilgan regenerativ qishloq xo‘jaligi, biochar texnologiya, karbon bozori, mahsulotni chigitdan tayyor mahsulotgacha kuzatish tizimi, mas’uliyatli ta’minot zanjiri hamda iqlim moliyasi kabi omillar soha kelajagini belgilovchi asosiy ustun sifatida e’tirof etildi. Iqtisodiy, texnologik va ekologik jihatlar bir nuqtada jamlanib, barqaror rivojlanish modeli shakllantirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning Global texnik forumi ish boshladi. “Weaving Prosperity: Land-linked Agrifood Systems for Landlocked Countries” mavzusidagi nufuzli tadbirda dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlardagi transport xarajati, logistika, tashqi bozorga chiqish va ta’minot zanjiri zaifligi kabi o‘tkir muammolar atroflicha tahlil qilindi. Qurg‘oqchilik, ekstremal ob-havo va resurslar narxi beqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi shunchaki bir davlatning ichki ishi emas, balki savdo, investitsiya, iqlim va xalqaro hamkorlik bilan uzviy bog‘liq yirik masalaga aylangani ta’kidlandi.
Toshkent forumi ishtirokchi mamlakatlarga ichki muammolarini ayricha emas, balki umumiy agrooziq-ovqat tizimining bir-biriga bog‘liq bo‘g‘inlari sifatida kompleks ko‘rish imkonini berdi. Zero, yangi texnologiyasiz mahsuldorlikka erishib bo‘lmaydi, sarmoyasiz texnologiyani joriy etib bo‘lmaydi, samarali bozorsiz iqtisodiy manfaatdorlikni ta’minlab bo‘lmaydi. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan O‘zbekiston uchun bu anjuman shunchaki mezbonlik emas, balki o‘z tajribasini bo‘lishish, ilg‘or xorijiy bilimni o‘zlashtirish va dunyoviy muammolarga birgalikda yechim topish yo‘lida amaliy qadam tashlash uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
[gallery-31812]
Fardona Yaxshiboyeva,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA