O‘zbekistonning geologik o‘rganilganlik darajasi 45 foizga yetdi
Bugun Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi mutasaddilari ishtirokida “O‘zbekiston mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy yondashuvlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Nafisa Do‘laboyeva, Geologiya dasturini shakllantirish bo‘limi boshlig‘i Voris Salixov hamda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari - bosh geolog Elmurod Ergashev so‘zga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar haqida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, yangi konlarni aniqlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish va mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 60 ming kvadrat kilometr maydonda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, oltin ishlab chiqarishni 1,5 barobar, kumushni 3 karra, misni 3,5 barobar, uran, temir va ko‘mirni 3 barobar oshirish maqsad qilingan.

– Istiqbolli hududlarni geologik jihatdan o‘rganish, yangi konlarni aniqlash va mineral-xomashyo bazasini kengaytirish bugungi kundagi asosiy vazifalardan. Ayniqsa, kam o‘rganilgan hududlar va chuqur gorizontlarni tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2016-2025-yillarda O‘zbekiston hududining geologik o‘rganilganlik darajasi 20 foizdan 45 foizga oshdi. Geologik o‘rganilgan maydon 89 ming kvadrat kilometrdan 200 ming kvadrat kilometrga yetdi. Tog‘li va tog‘oldi hududlarida bu ko‘rsatkich 36 foizdan 62 foizgacha oshdi. Natijada 185 ta istiqbolli maydon va 50 dan ortiq foydali qazilma koni aniqlandi. Bugungi kunda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish davlat dasturi doirasida 2025-yilda 289 ta loyiha bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari olib borilib, 33 ta yangi kon aniqlandi. 2026-yilda esa ishlar 275 ta loyiha doirasida davom ettirilmoqda, –dedi N.Do‘laboyeva.
Shuningdek, sohani texnologik jihatdan yangilash doirasida geologik ma’lumotlarni yagona raqamli bazaga jamlash, sun’iy intellekt, zamonaviy geofizika, masofadan zondlash va 3D modellashtirish texnologiyalaridan foydalanish kengaytirilmoqda. Davlat geologiya fondidagi 36 mingta geologik hisobot elektron shaklga o‘tkazildi, respublika hududining 1:200 000 masshtabdagi raqamli geologik va gidrogeologik xaritalari yaratildi. Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi 7 ta davlat xizmati raqamlashtirildi.

“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari - bosh geolog Elmurod Ergashevning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalardan biri aniqlangan mineral resurslarni shunchaki qazib olish emas, balki ularni mamlakatimizda chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishdan iborat.
–2030-yilgacha regional geologik tadqiqotlar bilan 18 ming kvadrat kilometr, aerogeofizik tadqiqotlar bilan 60 ming kvadrat kilometr maydonni qamrab olish ko‘zda tutilgan. 2026-2030-yillarda muhim minerallar yo‘nalishida umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori malakali ish o‘rinlarini tashkil etishga xizmat qiladi. 2017-2025-yillarda foydali qazilmalarni izlash va o‘zlashtirish loyihalariga 7,8 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Hozirda 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda, o‘ndan ortiq istiqbolli maydon va konlarda zaxiralar tasdiqlanib, ularni o‘zlashtirish boshlangan, –dedi u.
Matbuot anjumani yakunida mineral resurslarni shunchaki qazib olish emas, balki ularni mamlakatimizda chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv ishlarini zamonaviy texnologiyalar asosida yanada kengaytirish bo‘yicha vazifalar ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA