Innovator va tadbirkorlar muloqoti
Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati raisi Anton Ishenko boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev hamda A.Ishenko ishtirokida Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati a’zolari hamda samarqandlik tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi A.Boboyev hamda Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati raisi A.Ishenko O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mustahkam ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilganligini ta’kidlab, bugungi texnologik taraqqiyot davrida har bir soha rivoji uchun innovatsion yondashuvlar zarurligini qayd etishdi. Bu borada o‘zaro hamkorlik har ikkala tomon uchun manfaatli bo‘lishini e’tirof etib, ishbilarmonlar hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi takliflar qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Uchrashuv doirasida Samarqand viloyati hokimligi hamda Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shundan so‘ng Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati bilan Samarqand viloyati tadbirkorlik sub’ektlari muloqoti tashkil etilib, jamiyat tomonidan bugungi kun talabidan kelib chiqib ishlangan innovatsion loyihalar taqdimot qilindi.
– Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad iqtisodiyotga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishdan iborat, – deydi Samarqand viloyati hokimligi xalqaro hamkorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Jamshid O‘roqov. – Bugun Samarqandga kelgan yigirmadan ortiq rossiyalik innovatorlar bizda talab yuqori bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlash, ichimlik suvini tejash, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish hamda yoqilg‘i-energetika sohalari bo‘yicha o‘z innovatsion loyihalarini taqdimot qilmoqda. Maqsad – ushbu zamonaviy ilmiy yechimlardan foydalangan holda viloyatimizda yangi loyihalarni amalga oshirish, suv ta’minoti, ekologiya bilan bog‘liq muammolarga yechim topish.
Tadbir doirasida samarqandlik tadbirkorlar va rossiyalik ixtirochilar o‘rtasida V2V uchrashuvlar o‘tkazildi.
[photobank-31825]
– Biz Samarqandga ko‘plab yirik va istiqbolli loyihalarimizni olib keldik, – deydi Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati ijrochi direktori Yelena Artemina. – Jumladan, yurtingizda bir necha yildan buyon amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha o‘zimizning bir qator loyiha va innovatsion takliflarimizni taklif etyapmiz. O‘ylaymanki, bizning takliflarimiz qabul qilinsa, Samarqandda “yashil iqtisodiyot”ni yanada rivojlantirishga yordam beradi.
Butunrossiya ixtirochilar va innovatorlar jamiyati vakillari Samarqandga safari davomida viloyatdagi yirik korxonalar, ulardagi zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan ham tanishishi ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari