Ohangaronda O‘zbekiston – Polsha savdo uyi ish boshladi
O‘zbekistonning Yevropa bozorlaridagi iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yangi hamkorlar bilan bog‘lash va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida yangi qadam tashlanmoqda. Ohangaron tumanida O‘zbekiston – Polsha savdo uyining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Yangi savdo uyining tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Droxichin shahri meri Voysex Borjim boshchiligidagi Polsha delegatsiyasi, tegishli soha vakillari, ikki mamlakatning yirik investorlari hamda tadbirkorlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur savdo uyi oddiy logistika ob’ekti bo‘lib qolmay, O‘zbekiston, Polsha va boshqa Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan zamonaviy biznes platformasi sifatida faoliyat yuritadi.

Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev o‘z so‘zida loyihaning hudud iqtisodiyoti uchun ahamiyatiga to‘xtalib, savdo uyi orqali Polsha biznesining viloyatdagi ishtirokini kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash muhim ekanini ta’kidladi.
Bugun O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda amaliy hamkorlik ko‘lami izchil kengayib bormoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Polshaga 115,8 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Ohangaronda ishga tushirilayotgan savdo uyi esa mazkur ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu yerda tadbirkorlar uchun mahsulotlarni namoyish etish va saqlash, logistika jarayonlarini tashkil etish, yangi hamkorlar topish, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, savdo uyi orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlarni Polsha va boshqa Yevropa bozorlariga olib chiqish, Polsha kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbir doirasida mehmonlarga savdo uyining faoliyati tanishtirilib, viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Shundan so‘ng Polsha ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida B2B va G2B uchrashuvlari o‘tkazildi.

Muloqotlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, savdo hajmini oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, logistika xizmatlarini rivojlantirish va yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida bildirilgan taklif va tashabbuslarning aniq loyihalarga aylanishi O‘zbekiston – Polsha savdo-iqtisodiy hamkorligining yangi yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
A.Musayev, O‘zA