Paralimpiyachilarimiz g‘alabalari
Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar o‘rtasidagi V Butunjahon o‘yinlarida munosib ishtirok etgan paralimpiyachilarimiz yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.
Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchilar o‘rtasidagi V Butunjahon o‘yinlarida munosib ishtirok etgan paralimpiyachilarimiz yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.V Butunjahon o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining intilishi, g‘alabaga bo‘lgan yuksak ishonchi ularning erishgan natijalarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Paralimpiyachilarimiz Vatanni madh etish, uning obro‘-e’tiborini yuksaltirishdek ezgu maqsadini, farzandlik burchini chin dildan ado etdi.
O‘zbekiston paralimpiyachilarining mazkur musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishida davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘ldi. Qarorga ko‘ra, sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, nufuzli musobaqalarga tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi.
Butunjahon o‘yinlarida paralimpiyachilarimiz 5 oltin, 2 kumush va 5 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich, bu yutuqlar mamlakatimizda sportni rivojlantirish borasida davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor, yurtimizda iste’dod sohiblari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining amaliy samaralaridir.
Nufuzli musobaqaning suzish bahslarida Dmitriy Xorlin shijoat va matonat bobida tengsiz ekanini isbotladi. U 200 va 400 metr masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha oltin medallarni qo‘lga kiritdi. 100 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi.
– Musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rgan edik, – deydi D.Xorlin. – Bizga bildirilgan ishonchni oqlaganimizdan baxtiyormiz. Butunjahon o‘yinlarida ko‘rsatgan natijamni 2016-yili Braziliyada bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlarida ham takrorlashga harakat qilaman.
Iqtidorli sportchimiz Shahzod Jumaniyozov 200 metr masofaga kompleks usulda suzishda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 50 metrga brass usulida suzishda esa bronza medal bilan taqdirlandi. Yana bir hamyurtimiz Muhammad Abduraimov 100 metr masofaga batterflyay usulida suzishda kumush, 200 metr masofaga kompleks usulda suzishda bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Butunjahon o‘yinlarining dzyudo bo‘yicha bellashuvlari ham o‘zbekistonlik paralimpiyachilar uchun medallarga boy bo‘ldi. Vazni 66 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida ishtirok etgan O‘tkir Nig‘matov barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
– Vatanimiz bayrog‘ini sarbaland etib, madhiyamiz baralla yangrashiga o‘z hissamni qo‘shganimdan behad xursandman, – deydi O‘.Nig‘matov. – G‘alabalarimiz zamirida Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘z iqtidor va iste’dodini yuzaga chiqarish uchun qaratilayotgan yuksak e’tibor va doimiy g‘amxo‘rlik mujassam.
Dzyudochilar bellashuvida polvonlarimizdan Shirin Sharipov oltin, Sharif Xalilov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuhrat Boboyev va xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslarda qatnashgan Tursunposhsha Nurmetova bronza medal bilan taqdirlandi.