O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Tokioda namoyish etildi
Tokioning mashhur Shibuya chorrahasidagi yirik reklama monitorlaridan birida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyat namoyish etildi.
Yaponiyada o‘tkazilayotgan “Mustaqillik kunlari” doirasida mamlakatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlariga bag‘ishlangan videoroliklar taqdim etilmoqda. Loyiha O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Kunchiqar mamlakatning markaziy ko‘chalarida noyob tarixiy-madaniy merosimiz, qadimiy shaharlarimiz, zamonaviy megapolislar, shuningdek, sayohat va dam olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar namoyish etilmoqda. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratilgan.

Respublikamizning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijalari ekran maydonidan tashqarida ham targ‘ib qilindi. O‘zbekistonning faxriy madaniyat elchisi Mashu Komazaki tomonidan ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz, yaponiyalik mehmonlar uchun fleshmob tashkil etildi.
Tashabbus yapon xalqiga mamlakatimizning madaniy merosi, sayyohlik imkoniyatlari va taraqqiyoti haqida ma’lumot berishda hamda ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlashda yana bir muhim hodisa bo‘ldi.
Aziza Alimova, O‘zA