O‘zbekiston MDH doirasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi delegatsiyasining MDH davlatlari vakillari hamda turizm sohasidagi xalqaro loyihalar rahbarlari bilan qator uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiyev Qozog‘iston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Turizm industriyasi qo‘mitasi raisi Nurbol Bayjanov bilan uchrashdi. Unda ikki davlat o‘rtasida turistik almashinuvlarni kengaytirish, hududlararo va chegaraoldi turizmini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyoni yagona turistik yo‘nalish sifatida uchinchi davlatlar bozorlarida birgalikda targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Qo‘shma taqdimotlar, turistik forumlar va axborot turlarini tashkil etish, shuningdek, Qozog‘istonning Turkiston, Qizilo‘rda va Mang‘istau viloyatlari hamda O‘zbekiston hududlari o‘rtasida dam olish kunlariga mo‘ljallangan turlarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Qozog‘iston tomoniga joriy yil 25–27-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida turizm” — 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida milliy stend bilan ishtirok etish taklif qilindi. Shuningdek, MDH Parlamentlararo Assambleyasi kengashi kotibiyati vakili, “Travel Hub “Sodrujestvo” xalqaro turistik loyihasi rahbari Yuliya Zaykova bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekistonning MDH Turizm bo‘yicha kengashiga raisligi davrida “Travel Hub “Sodrujestvo” bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, 2027-yil davomida O‘zbekistonning turistik salohiyati va sohada amalga oshirilayotgan loyihalarni platformada muntazam yoritish takliflari bildirildi. Uchrashuvlar yakunida turistik almashinuvlarni kengaytirish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va qo‘shma turistik tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA