O‘zbekiston turizmi: rekord ko‘rsatkichlar, infratuzilma rivoji va yangi yo‘nalishlar(+video)
Joriy yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga 9,1 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,1 foizga ko‘p. Statistikaga ko‘ra, eng yuqori o‘sish sur’ati Xitoy (2,3 barobar), Malayziya (2 barobar), Yaponiya (1,5 barobar), AQSH (1,4 barobar) va Rossiya (1,3 barobar) davlatlaridan qayd etilgan.
Mazkur davrda turistik xizmatlar eksporti 4,6 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 53,5 foizga oshdi. Shuningdek, "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil" dasturi doirasida ichki turizm ham faol kechib, hududlarga 13,4 milliondan ortiq tashrif uyushtirildi.
Turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida respublika bo‘ylab 595 ta yangi joylashtirish vositasi (mehmonxonalar, hostellar, oilaviy mehmon uylari) ishga tushirildi. Natijada umumiy joylashtirish ob’ektlari soni 7 364 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 202,3 ming taga yetdi. Bugungi kunda sohada 3 977 nafar professional gid-ekskursovod faoliyat yuritmoqda.
Shu fonda, 21-sentabr kuni Turizm qo‘mitasida yangi turistik ob’ektlar va yo‘nalishlarni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan muhim taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda an’anaviy markazlarni (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva) hududlardagi yangi dam olish, ekoturizm va agroturizm maskanlari bilan bog‘lovchi yagona turistik marshrutlar turoperatorlarga tanishtirildi.
Ziyovuddin Nuriddinov, Nishonboy Abduvoitov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA