O‘zbekistonda hatto turistlar ham ovqat tanlashda qiyinchilikka duch kelmaydi
Sog‘lom turmush tarzining asosiy omillarining yetakchisi to‘g‘ri ovqatlanishdir.
Mamlakatimizda xorijiy sayyohlarga milliy taomlarni parhezga rioya qilish bilan bog‘liq xavotirlarsiz tanovul qilish imkonini beruvchi yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi.
“Tourist Friendly Restaurant” loyihasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turistik mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbek milliy taomlari an’anaviy ravishda go‘shtli va to‘yimli taomlari bilan mashhur. Shu bois ayrim xorijiy sayyohlar — xususan, oziq-ovqat mahsulotlariga allergiyasi bor, muayyan parhezga amal qiladigan yoki vegetarian taomlarni afzal ko‘radigan mehmonlar milliy taomlar bilan tanishishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Loyiha doirasida tanlab olingan restoranlarda an’anaviy taomlar bilan bir qatorda turli xil oziq-ovqat afzalliklari va cheklovlarini hisobga olgan taomlar ham taklif etiladi. Bunday restoranlar uchun ingliz tilidagi menyular ishlab chiqilib, ularda allergenlar — yong‘oq, kunjut, glyuten, laktoza kabi mahsulotlar aniq ko‘rsatiladi, taomlarning kaloriyalilik darajasi belgilanadi hamda alohida vegetarian taomlar, jumladan, sabzavotli kabob va vegetarian manti kabi taomlar taqdim etiladi. Bunday yondashuv turli xil oziq-ovqat ehtiyojlariga ega sayyohlarga O‘zbekiston milliy taomlaridan bahramand bo‘lish va o‘zlari uchun mos taomlarni tanlash, shu bilan birga milliy taomlarning an’anaviy ta’mlaridan voz kechmaslik imkonini beradi.

Bunday yondashuv turli oziq-ovqat ehtiyojlariga ega sayyohlarga O‘zbekiston milliy taomlaridan bahramand bo‘lish, o‘zlari uchun mos taomlarni oson tanlash va shu bilan birga milliy taomlarning an’anaviy ta’midan voz kechmaslik imkonini beradi. Mazkur maqsadda Turizm qo‘mitasi tomonidan restoranlar vakillari hamda oshpazlar uchun amaliy treninglar tashkil etilmoqda. Toshkent shahrida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi. Avvalroq, Xorazm va Buxoro viloyatlarida ham shunday o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan bo‘lib, navbatdagi manzil Samarqand shahri bo‘ladi.

Mashg‘ulotlar davomida oshpazlarga taomlarning moslashtirilgan texnologik xaritalari taqdim etiladi. Restoran xodimlariga esa xizmat ko‘rsatish, shuningdek, o‘zbek milliy taomlarini ingliz tilida taqdim etishning o‘ziga xos jihatlari o‘rgatiladi. Shu bilan birga, treninglarda ishtirok etish restoranga “Tourist Friendly” maqomini avtomatik ravishda olish huquqini bermaydi. Bu jarayon restoranlarga yangi menyularni joriy etish va loyiha talablari asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Restoranning loyiha talablariga qay darajada javob berishiga yakuniy bahoni esa sayyohlarning o‘zi beradi. Ular QR-kodlarni skanerlash orqali ko‘rsatilgan xizmatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin.
Restoran yangi xizmat ko‘rsatish darajasini amalda tasdiqlab, mehmonlardan ijobiy fikrlar olganidan so‘ng unga rasman “Tourist Friendly” belgisi beriladi. Shuningdek, restoran xalqaro gidlar va turoperatorlarga tavsiya etiladigan restoranlar reyestriga kiritiladi. Bu esa O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar uchun milliy taomlarni yanada qulay va xavfsiz sharoitda tanishtirish, gastronomik turizm imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA