O‘zbekistonlik yoshlar uchun AQSHda ta’lim olish imkoniyatlari yanada kengayadi
O‘zbekistonda ta’lim inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashning muhim vositasidir.
Bu yo‘nalishdagi maqsadlarni amalga oshirishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi barcha imkoniyatlardan foydalanmoqda.
Birgina AQSH bilan hamkorlik natijasida 2018 - 2026-yillarda jamg‘armaning qariyb 460 nafar stipendiati AQSH universitetlarida tahsil olishni tanladi. Ularning ta’limiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi qariyb 50 million dollarga yetdi.

2025-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tadbirlari doirasida Nyu-York shahrida “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismoilova Xalqaro ta’lim instituti (IIE) rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazgan. Unda o‘zbekistonlik talabalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, xalqaro tanlov standartlarini joriy etish, amaliyot dasturlari va akademik tarmoqlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
AQSH Davlat departamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi va IIE o‘rtasida “Fulbright Foreign Student Program” bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangani yuqoridagi sa’y-harakatlar natijasi.
Hujjat o‘zbekistonlik ishtirokchilar uchun “Fulbright” dasturlarini birgalikda amalga oshirish, ta’limni moliyalashtirish, akademik harakatchanlikni rivojlantirish va stipendiatlarni qo‘llab-quvvatlashning xalqaro mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Jamg‘arma va AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi o‘rtasida “EducationUSA” rasmiy maslahat markazini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Markaz o‘zbekistonlik yoshlarga AQSH universitetlariga qabul, ta’lim dasturlari, grantlar va akademik imkoniyatlar haqida professional maslahatlar berishga xizmat qiladi.
Mazkur kelishuvlar O‘zbekiston - AQSH hamkorligi ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
N.Abduraimova, O‘zA