Xorijda olingan bilimlar yurt ravnaqiga qanday xizmat qiladi?
Xalqaro ta’lim dasturlari mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim va tajriba orttirish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Chevening” stipendiya dasturi ham ana shunday imkoniyatlardan biridir. Mazkur dastur asosida turli mamlakatlardan iqtidorli va yetakchilik qobiliyatiga ega nomzodlar Buyuk Britaniya universitetlarida magistratura bosqichida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi “Chevening” dasturi koordinatori Shirinxon Toshxo‘jayeva bilan suhbatimiz ushbu dasturining maqsad va imkoniyatlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar hamda ariza topshirish jarayoni haqida bo‘ldi.
– Avvalo, “Chevening” dasturining asosiy maqsadi va xalqaro ta’lim tizimidagi o‘rni haqida ma’lumot bersangiz. Ushbu dastur kimlar uchun mo‘ljallangan?
– “Chevening” Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan xalqaro stipendiya dasturi bo‘lib, u dunyoning 160 dan ortiq mamlakat va hududlaridagi iqtidorli, yetakchilik qobiliyatiga ega mutaxassislarga Buyuk Britaniyada magistratura bosqichida tahsil olish imkonini beradi. Dastur Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot ishlari vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Uning asosiy maqsadi esa istiqbolli mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularning xalqaro tajribasini oshirish hamda kelgusida o‘z mamlakatlarida ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shishi uchun imkoniyat yaratishdan iborat. Dastur turli sohalarda faoliyat yuritayotgan, kasbiy rivojlanishga intiluvchi va yetakchilik salohiyatiga ega nomzodlar uchun mo‘ljallangan.
Dasturning o‘ziga xos jihati shundaki, u nafaqat ta’lim xarajatlarini qoplashni, balki stipendiatlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashni ham nazarda tutadi.
– Dastur ishtirokchilari uchun qanday moliyaviy imkoniyatlar yaratilgan? Stipendiya qaysi xarajatlarni qoplaydi?
– Dasturining muhim afzalliklaridan biri esa stipendiatlarning Buyuk Britaniyada tahsil olishi bilan bog‘liq asosiy xarajatlarini qoplashidir. Jumladan, dastur doirasida universitetdagi o‘qish to‘lovi, Buyuk Britaniyaga borish va qaytish aviachiptalari, mamlakatda yashash davri uchun oylik stipendiya hamda belgilangan shartlar asosida boshqa zarur xarajatlar qoplanadi.
Bu esa nomzodlarga moliyaviy masalalardan ko‘ra, ko‘proq ta’lim olish, tanlagan sohasini chuqur o‘rganish va yangi kasbiy aloqalar o‘rnatishga e’tibor qaratish imkonini beradi. Shu bilan birga, moliyalashtirish shartlari tanlangan ta’lim dasturi va “Chevening” stipendiyasining amaldagi qoidalariga muvofiq belgilanadi.
– Stipendiyaga hujjat topshirish uchun nomzodlar qanday talablarga javob berishi kerak? Yosh bo‘yicha cheklov mavjudmi?
– Dasturga ariza topshirish uchun nomzod, avvalo, bakalavr darajasiga ega bo‘lishi va bakalavriatni tugatgandan keyin kamida ikki yillik ish tajribasini to‘plagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzodning ingliz tilini bilish darajasi, kasbiy tajribasi, yetakchilik qobiliyati va kelgusidagi maqsadlari ham muhim ahamiyatga ega.
Dasturda yosh bo‘yicha yuqori chegara belgilanmagan. Shu sababli, o‘z kasbida rivojlanishni maqsad qilgan va belgilangan mezonlarga javob beradigan mutaxassislar turli yoshda ariza topshirishlari mumkin. Eng muhimi, nomzod o‘zining bilim va tajribasi, yetakchilik salohiyati hamda kelgusidagi rejalarini asoslab bera olishi lozim.
– Buyuk Britaniya universitetlarida magistraturaning bir yil davom etishi stipendiatlar uchun qanday afzalliklar beradi?
– Buyuk Britaniya universitetlarining ko‘pchiligida magistratura dasturlari bir yillik shaklda tashkil etilgan. Bu stipendiatlarga nisbatan qisqa muddatda chuqurlashtirilgan bilim olish, xalqaro akademik muhitda tajriba orttirish va magistrlik darajasini qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Bir yillik ta’lim dasturi mutaxassislarning o‘z mamlakatidan uzoqda bo‘lish muddatini ham qisqartiradi. Natijada ular yangi bilim va ko‘nikmalar bilan yurtiga qaytib, o‘z sohasidagi faoliyatini yanada samarali davom ettirishlari mumkin. Bundan tashqari, xalqaro ta’lim muhitida orttirilgan tajriba ularning kasbiy dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi.
– Bitiruvchilarining o‘z mamlakatiga qaytishi va orttirgan tajribasini amaliyotda qo‘llashi qanday ahamiyatga ega? Dasturga qiziqqan nomzodlarga qanday tavsiya bergan bo‘lardingiz?
– Dasturining muhim tamoyillaridan biri esa stipendiatlarning Buyuk Britaniyadagi ta’limdan so‘ng o‘z mamlakatlariga qaytib, orttirgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llashidir. Dastur shartlariga muvofiq, stipendiatlar o‘qishni tugatgach, o‘z yurtiga qaytishi va kamida ikki yil davomida shu yerda faoliyat yuritishi kerak.
O‘zbekistonda ham dasturning ko‘p yillik tarixi mavjud. 1994-yildan buyon yurtimizdan ko‘plab mutaxassislar ushbu imkoniyatdan foydalanib kelmoqda. Bugungi kunda ular turli sohalarda faoliyat yuritib, o‘z bilim va tajribasi bilan mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Dasturga qiziqqan nomzodlarga tavsiya ariza topshirish talablarini oldindan diqqat bilan o‘rganish, o‘z kasbiy maqsadlarini aniq belgilash va hujjatlarni puxta tayyorlashdir. Shuningdek, tanlangan magistratura yo‘nalishi kelgusidagi faoliyat bilan qanday bog‘liq ekanini aniq asoslab berish muhim. Bu nafaqat xorijda ta’lim olish, balki xalqaro tajriba orttirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va o‘z mamlakatining rivojiga hissa qo‘shish uchun ham katta imkoniyatdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.