Iste’dodlar va inson kapitali bo‘yicha global muloqot
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “O‘zgarayotgan dunyoda inson kapitalini shakllantirish” mavzusida “Global Talent Forum” xalqaro forum boshlandi.
Inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatning strategik vazifalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qodir mutaxassislarni tayyorlash borasidagi xalqaro tajriba va milliy yondashuvlarni birlashtirishga qaratilgan tadbirda AQSH, Turkiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Qozog‘iston, Malayziya, Singapur, Germaniya, Yaponiya, Ozarbayjon kabi 15 ga yaqin davlatdan 100 nafardan ortiq ekspertlar, xalqaro tashkilot vakillari, davlat tuzilmalari, ta’lim muassasalari va stipendiya dasturlari vakillari ishtirok etmoqda.
Forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova so‘zga chiqib, ilk bor dunyoning o‘ndan ortiq davlatlaridan kelgan inson kapitalini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi jamg‘arma va tuzilmalar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbir ushbu yo‘nalishda o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun qulay imkoniyat ekanligini ta’kidladi. O‘z navbatida O‘zbekistonda iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va davlat rahbari darajasida qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident huzurida qaytadan tashkil etilgani va faoliyati izchil rivojlantirib borilayotganini ta’kidladi.
– 2018-2025-yillarda jamg‘arma tomonidan 2300 nafarga yaqin yoshlar 45 mamlakatga ta’lim olishga yuborildi, – dedi Gulnoza Ismoilova. – Ularning aksariyati ayni paytda iqtisodiyot, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda. Har yili ikki marta e’lon qilinadigan tanlovlarimiz orqali 700 nafardan ortiq iqtidorli yoshlar saralanib, dunyoning nufuzli TOP-300 talik reytingiga kiruvchi universitetlarda tahsil olmoqda. 2025-2026-yillarda o‘tkazilgan uchta ochiq tanlov yakunlariga ko‘ra, 500 nafarga yaqin yoshlar “El-yurt umidi” stipendiyasi sohibiga aylandi. G‘oliblarning 80 foizi dunyoning yetakchi (TOP-100) universitetlariga o‘qishga qabul qilindi. Keyingi yillarda stipendiantlar orasida xotin-qizlarning ko‘payib borayotgani yurtimizda qizlar ta’lim-tarbiyasiga juda katta e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Prezidentimizning yoshlar kelajagi bilan bog‘liq islohotlari ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ilm-fan aloqalarini mustahkamlash va yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish vazifalari bilan uyg‘unlikda olib borilmoqda. Xususan, so‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 44 foizga oshdi.
Forumda Turkiya oliy ta’lim kengashi prezidenti Erol O‘zvar, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ko‘nikmalar markazi rahbari El Iza Mohamedu, Xalqaro ta’lim instituti (IIE)ning Janubiy-Sharqiy Osiyo bo‘yicha rahbari Jonatan Lembrayt, Qozog‘istondagi “Bolashak” xalqaro dasturlar markazi boshqaruvi raisi Abay Raxmet va boshqalar so‘zga chiqib, Samarqanddagi forum texnologik o‘zgarishlar mamlakatlarni kadrlar tayyorlashga bo‘lgan yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga undayotgan bir davrda o‘tkazilayotgani bilan muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar. Sun’iy intellekt, raqamlashtirish va energetik o‘tish mehnat mazmunini hamda mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni o‘zgartirmoqda. Jahon iqtisodiy forumining “Future of Jobs Report 2025” hisobotiga ko‘ra, 2030-yilga borib bugungi kunda qo‘llanilayotgan kasbiy ko‘nikmalarning o‘rtacha 39 foizi o‘zgarishi yoki eskirishi mumkin. Texnologik kompetensiyalar bilan bir qatorda tahliliy fikrlash, moslashuvchanlik va umr bo‘yi ta’lim olish qobiliyatining ahamiyati ham ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, xalqaro ta’lim hamkorligi o‘quv mazmunini yangilash, ilmiy-tadqiqot muhitini rivojlantirish va mamlakat ichidagi yangilanishlar uchun mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlariga muhandis va texnologlar, raqamli iqtisodiyotga ma’lumotlar bilan ishlash va kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar, qishloq xo‘jaligiga esa suvni tejash va biotexnologiyalar sohasidagi zamonaviy yechimlar zarur. Sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvida ham mahalliy sharoitlarni inobatga olgan holda xalqaro tajribani joriy eta oladigan insonlar kerak.
Iste’dodlarning global mobilligi haqidagi munozara aynan shu bog‘liqlikka bag‘ishlandi. Ishtirokchilar xorijiy ta’lim kasbiy o‘sishga qanday xizmat qilishi va bitiruvchilarga vatanga qaytgach, olgan bilimlarini amalda qo‘llashga qanday sharoitlar yordam berishini muhokama qildilar. Bunda ish beruvchilar bilan hamkorlik, ilmiy-tadqiqot loyihalarida ishtirok etish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari alohida ahamiyatga ega.
[gallery-32251]
Alohida panel sessiyasida stipendiyalar mamlakat raqobatbardoshligiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli sarmoya sifatida ko‘rib chiqildi. Muhokama markazidan kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini tanlash, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash samaradorligi va ta’lim dasturlarining milliy taraqqiyotga qo‘shadigan hissasi o‘rin oldi.
Shuningdek, forumda inson kapitalini rivojlantirishda moliya institutlarining roliga bag‘ishlangan maxsus sessiya, kelgusi o‘n yillik uchun hamkorlik muhokamasi, ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbir doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi bitiruvchilarining “Samarkand Tea Time” an’anaviy uchrashuvi o‘tkazilishi, ish beruvchilar hamda banklar, vazirlik va idoralarning kadrlar bilan ishlash xizmatlari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot ham o‘rin olgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari