O‘zbekistonlik sayyohlar ko‘proq qaysi mamlakatlarni tanlamoqda?
O‘zbekiston fuqarolarining xorijga safarlari geografiyasi keng bo‘lib, qo‘shni davlatlardan tortib, uzoq xorij mamlakatlarigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 5,9 million nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 132,7 ming nafarga ko‘p.
Statistik ma’lumotlar tahlili yurtdoshlarimiz safarlarida qo‘shni davlatlar asosiy o‘rinni egallayotganini ko‘rsatadi. Xususan, eng ommabop yo‘nalishlar uchligidan Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikiston joy olgan.
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida Qirg‘iz Respublikasiga 2 million 716 ming 447 nafar O‘zbekiston fuqarosi safar qilgan. Bu mamlakat yurtdoshlarimiz eng ko‘p borgan xorijiy davlatlar orasida birinchi o‘rinni egallagan.
Qozog‘istonga 1 million 65 ming 155 nafar, Tojikistonga esa 983 ming 724 nafar fuqaro borgan. Shu tariqa, mazkur uch davlatga amalga oshirilgan safarlar soni qariyb 4,8 millionni tashkil etgan. Bu xorijga turistik maqsadlarda amalga oshirilgan jami safarlarning qariyb 81 foiziga teng.
Rossiya, Turkiya va Saudiya Arabistoni davlatlari ham o‘zbekistonliklar ko‘p tashrif buyuradigan mamlakatlar hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga 280 mingdan ziyod, Turkiyaga 240 mingga yaqin, Saudiya Arabistoniga esa qariyb 210 ming nafar fuqaro safar qilgan.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Misr va Vetnam ham yurtdoshlarimiz tashrif buyurgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA