O‘zbekistonlik ayol tadbirkorlar Germaniyada malaka oshirmoqda
O‘zbekistonlik ayol tadbirkorlar uchun Germaniyada ishlab chiqarish va zamonaviy boshqaruv usullariga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv seminari tashkil etildi.
Albstadt-Sigmaringen universitetida bo‘lib o‘tayotgan mashg‘ulotlarda ishtirokchilar korxona faoliyatini samarali tashkil etish, ish jarayonlarini takomillashtirish va resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini oshirmoqda.
Mazkur o‘quv “Gesamtmasche” tashkiloti hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “GUZ Partners” loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Seminar dasturidan ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar o‘rin olgan. Jumladan, Lean Management, Kaizen, KPI, Value Stream Mapping, standartlashtirish va vizual boshqaruv kabi usullarni qo‘llash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
O‘quv jarayonida olingan bilim va tajribani yurtimizdagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga tatbiq etish, ortiqcha xarajatlarni kamaytirish, ish jarayonlarini maqbullashtirish hamda resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Uyushma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tashabbus ayol tadbirkorlarning zamonaviy boshqaruv sohasidagi salohiyatini yuksaltirish bilan birga, to‘qimachilik tarmog‘ida samarali, barqaror va raqobatbardosh bizneslarni rivojlantirishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA