O‘zbekistonga Belarusdan ilk "Slavyanskiy karavan" poyezdi yetib keldi
2026-yil 5-avgust kuni “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filialining Chuqursoy stansiyasida Belarus Respublikasidan yetib kelgan “Slavyanskiy karavan” nomli marshrut yuk poyezdini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Temiryo‘linfratuzilma” AJ va “Toshkent MTU” filiali rahbariyati, Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ushbu yangi transport yo‘nalishining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida erishilgan kelishuvlar hamda oliy darajadagi muzokaralarning amaliy natijasidir. Ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan strategik sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro savdo hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish vazifalari zamonaviy logistika infratuzilmasi orqali hayotga tatbiq etilmoqda.

Loyiha poydevori joriy yilning 11–14-iyul kunlari Belarusning Vitebsk viloyatida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvda qo‘yilgan bo‘lib, unda temir yo‘l orqali qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi yuklarni tashish masalalari atroficha muhokama qilingan edi.
2026-yil 30-iyul kuni Belarusning “Orsha-Vostochnaya” stansiyasidan yo‘lga chiqqan 3034-sonli ushbu poyezd jami 51 ta vagondan iborat. U 3 822 kilometr masofani bosib o‘tib, Chuqursoy stansiyasiga yetib keldi.
Tadbir davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Belarus temir yo‘l ma’muriyati bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish, xalqaro transport yo‘nalishlarini takomillashtirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirishi ta’kidlandi.
Hamroz Bayonov,O‘zA