O‘zbekistonda ilk fandomatlar ishga tushirildi (+video)
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Norvegiyaning TOMRA kompaniyasi bilan hamkorlikda aholiga plastik, shisha va alyumin idishlarni topshirish evaziga pul mablag‘i olish yoki ularni xayriyaga yo‘naltirish imkonini beruvchi pilot loyihani boshladi.
Dastlabki ikkita avtomatlashtirilgan qurilma (fandomat) Toshkent shahri Chilonzor tumanida (Ekologiya qo‘mitasi binosi oldida) va Surxondaryo viloyati markazida o‘rnatildi.
Foydalanuvchilar idishlarni topshirishda ikki imkoniyatdan birini tanlashlari mumkin: qurilma qabul qilgan har bir idish uchun Click hamyoniga 150 so‘m pul rag‘batini olish yoki bu mablag‘ni daraxt ekish va xayriya tashabbuslariga yo‘naltirish. Chiqindilarni saralash madaniyatini oshirishga qaratilgan ushbu pilot loyiha muvaffaqiyatli chiqqach, kelgusida bunday fandomatlarni respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.
Ziyovuddin Nuriddinov,
Nishonboy Abduvoitov,
Salimjon Obidjonov, O‘zA