Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining afzalliklari
Navoiy shahar tibbiyot birlashmasida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimining afzalliklari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda jamg‘arma axborot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva, jamg‘armaning viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Oybek Norqulov davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi, uning afzalliklari va amaliy natijalari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda aholiga sifatli va teng imkoniyatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi ijrosi doirasida Navoiy viloyatida ham 2025-yil 1-iyuldan boshlab tibbiy sug‘urta mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilib, aholiga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
– Bugungi kunga qadar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan Navoiy viloyatidagi 185 ta tibbiyot muassasasi bilan shartnomalar tuzilgan, – deydi S.Shoyeva. – Ular tarkibiga 14 ta respublika darajasidagi tibbiyot muassasasi, 9 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi hamda ular tarkibidagi 128 ta birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi, Prezidentning 2025-yil 19-maydagi “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida tajriba-sinov loyihasi doirasida Xatirchi tumanidagi 1 ta tuman markaziy shifoxonasi va 33 ta oilaviy poliklinika kiradi. Bugungi kunda Navoiy viloyati aholisining 1 million 85 ming 361 nafari, ya’ni aholining 98,1 foizi “D-Med” elektron tizimiga biriktirilgan. Tizim doirasida fuqarolar va tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro huquq va majburiyatlarni belgilaydigan bitimlarni rasmiylashtirish ishlari ham amalga oshirilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan foydalanishda oilaviy shifokorga murojaat qilish asosiy tamoyillardan biri hisoblanadi.
Shoshilinch va tez tibbiy yordam holatlaridan tashqari, fuqaro, avvalo, oilaviy shifokorga murojaat qiladi. Zarur hollarda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq bemorni tor soha mutaxassisiga yoki shifoxonaga yo‘llanma bilan yuboradi. Bu mexanizm tibbiy xizmatlarning manzilli tashkil etilishi, bemorni zarur mutaxassisga o‘z vaqtida yo‘naltirish hamda tibbiy yordam sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning 8 oyi davomida Navoiy viloyati aholisidan respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida 127 ming 794 nafar bemor davolangan. Ularning 118 ming 609 nafari byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam olgan. Byudjet hisobidan davolangan bemorlarning 66,3 foizi yo‘llanma asosida, 31,6 foizi esa shoshilinch tartibda davolangan.
Hozirda Navoiy viloyatida ham aholini zarur dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida rembursatsiya dasturi ham amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida bemorlar kafolatlangan paketga kiritilgan dori vositalarini dasturga jalb qilingan dorixonalardan bepul olish imkoniyatiga ega.
– Navoiy viloyatida ham davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining joriy etilishi natijasida tibbiy xizmatlarni xarid qilish, aholini birlamchi tibbiy yordam bilan qamrab olish, yo‘llanma asosida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish hamda dori vositalari bilan ta’minlashning yangi mexanizmlari bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda, – deydi O.Norqulov. – Joriy yilning 8 oyi davomida 322 746 ta elektron retsept realizatsiya qilingan. Ushbu retseptlar bo‘yicha berilgan dori vositalari qiymati 12 milliard 927,3 million so‘mni tashkil etgan. Ayni paytda viloyatda dasturga jalb qilingan dorixonalar tomonidan bemorlarga tegishli dori vositalari bepul berilib, ularning xarajatlari Jamg‘arma tomonidan qoplab berilmoqda.
[gallery-31614]
Matbuot anjumanida OAV vakillari tizimning aholiga ijtimoiy himoya yaratishdagi o‘rni, tibbiy xizmat sifatini oshirishdagi ahamiyati va boshqa bir qator savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari