Antibiotikni o‘zboshimchalik bilan ichish nimalarga olib keladi?
Bugun oddiy infeksiyani davolashga yordam bergan antibiotik ertaga samara bermasligi mumkin. Buning sabablaridan biri mikroorganizmlarning dorilarga chidamliligi, ya’ni antimikrob rezistentlikning kuchayishidir.
Antibiotikni shifokor tavsiyasisiz qabul qilish, dozani o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish yoki virusli kasalliklarda undan foydalanish esa bu muammoni yanada kuchaytirishi mumkin. Sanepidqo‘mita Yakkasaroy tuman bo‘limi sanitariya vrachi —Shohruhmirzo Erkinov bilan mavzu yuzasidan suhbatlashdik.
Uning tushuntirishicha, antimikrob rezistentlik faqat shifokorlar yoki shifoxonalar muammosi emas. U kundalik hayotimizdagi qarorlar — qaysi dorini ichishimiz, uni qanday qabul qilishimiz va infeksiyadan qanday himoyalanishimiz bilan ham bevosita bog‘liq.
Antibiotik nega avvalgidek ta’sir qilmay qoladi?
Antimikrob rezistentlikni sodda qilib tushuntirganda, ayrim mikroorganizmlarning ularni yo‘q qilish yoki ko‘payishini to‘xtatish uchun ishlatiladigan dorilarga chidamli bo‘lib borishi tushuniladi. Natijada ilgari samarali bo‘lgan davolash usuli kutilgan natijani bermasligi mumkin. Infeksiyani davolash ko‘proq vaqt talab qilishi, qo‘shimcha dori vositalari yoki boshqa tibbiy choralar zarur bo‘lishi ehtimoli ortadi.

Bu jarayonning oldini olishda esa bitta muhim tamoyil bor. Antibiotik qancha oqilona ishlatilsa, unga chidamli mikroorganizmlarning paydo bo‘lishi va tarqalishi xavfini kamaytirish shuncha osonlashadi.
Eng keng tarqalgan xato: antibiotikni har qanday shamollashda ichish
Ko‘pchilik uchun «antibiotik» so‘zi kuchli dori degani. Shu sababli shamollash, tomoq og‘rig‘i yoki isitma paydo bo‘lganda antibiotik yordam beradi, degan qarash uchrashi mumkin.
Ammo antibiotiklar bakteriyalar sabab bo‘ladigan ayrim infeksiyalarni davolash uchun qo‘llanadi. Viruslar sabab bo‘ladigan gripp, O‘RVI kabi kasalliklarda esa antibiotik virusning o‘ziga ta’sir qilmaydi.

Shuning uchun:
• antibiotikni o‘zicha boshlamaslik;
• boshqa odamga buyurilgan antibiotikni qabul qilmaslik;
• dorining dozasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirmaslik;
• davolash tartibini shifokor bilan maslahatlashmasdan buzmaslik kerak.
«Oldin shu dori yordam bergandi» degan sabab bu safar ham aynan o‘sha antibiotik kerak degani emas, deydi shifokor — Shoxruhmirzo Erkinov. Infeksiyaning sababi, bemorning holati va zarur bo‘lsa, tekshiruv natijalari davolash usulini belgilashda muhim.
Infeksiyani davolashdan ham oldinroq boshlanadigan himoya
Antimikrob rezistentlikka qarshi kurash faqat yangi dori yaratishdan iborat emas. Eng muhim yo‘nalishlardan biri — infeksiyalarning o‘zini kamaytirish. Chunki odamlar kamroq kasallansa, antibiotiklarga ehtiyoj ham kamayadi.

Bu esa oddiy sanitariya-gigiyena qoidalaridan boshlanadi. Xususan:
qo‘lni to‘g‘ri yuvish,
xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish,
oziq-ovqatni to‘g‘ri saqlash,
xonalarni toza tutish,
infeksiya tarqalishining oldini olish.
tibbiyot muassasalarida esa dezinfeksiya, sterilizatsiya, tibbiy chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish va infeksiya nazorati
Ya’ni antibiotikka chidamli infeksiyaga qarshi kurash dori ichishdan emas, kasallikning oldini olishdan ham boshlanadi.
Qo‘l yuvish — antimikrob rezistentlikka qarshi kurashning ham bir qismi
Qo‘l gigiyenasi oddiy odat bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo inson qo‘llari kun davomida juda ko‘p buyum va yuzalarga tegadi: eshik tutqichi, telefon, ish qurollari, transportdagi yuzalar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar. Agar qo‘llar o‘z vaqtida va to‘g‘ri yuvilmasa, mikroorganizmlar bir odamdan boshqasiga yoki turli yuzalardan inson organizmiga o‘tishi mumkin.
Shu sababli qo‘lni:
• ovqat tayyorlashdan va ovqatlanishdan oldin;
• hojatxonadan foydalangandan keyin;
• jamoat joylaridan qaytgach;
• bemor bilan muloqotdan oldin va keyin;
• ifloslangan yuzalarga tekkanidan so‘ng to‘g‘ri yuvish muhim.
Oddiy gigiyena qoidasi — infeksiyalarni kamaytirish orqali antibiotiklarga bo‘lgan ehtiyojni ham kamaytirishga yordam beradi.

Dezinfeksiya va sterilizatsiya: nomi o‘xshash, vazifasi har xil
Tibbiyot muassasalarida infeksiya nazoratining muhim qismlaridan biri — dezinfeksiya va sterilizatsiya. Ularni bir xil tushuncha deb qabul qilish to‘g‘ri emas. Dezinfeksiya tashqi muhitdagi kasallik qo‘zg‘atuvchilarini kamaytirishga qaratilgan. Sterilizatsiya esa tibbiy asbob-uskunalardagi mikroorganizmlarni to‘liq yo‘q qilishga qaratilgan jarayondir. Bu tadbirlarning belgilangan talablar asosida va sifatli bajarilishi tibbiy yordam jarayonida infeksiya yuqishi xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Shuning uchun sanitariya-epidemiologik nazoratda faqat «dezinfeksiya qilinmoqdami?» degan savol emas, «u belgilangan talab va sifat mezonlariga muvofiq bajarilayaptimi?» degan savol ham muhim.
Laboratoriya nazorati, dori tanlashda muhim ma’lumot
Antimikrob rezistentlikni nazorat qilishda laboratoriya tekshiruvlari ham alohida ahamiyatga ega. Laboratoriya orqali kasallik qo‘zg‘atuvchisini aniqlash va uning ayrim antibiotiklarga sezgirligini baholash mumkin. Bunday ma’lumotlar shifokorga davolash taktikasini tanlashda yordam beradi. Bundan tashqari, muntazam laboratoriya kuzatuvlari ma’lum hudud yoki muassasada qaysi mikroorganizmlarning dorilarga chidamliligi ortib borayotganini aniqlash imkonini beradi. Demak, laboratoriya nazorati — faqat bitta bemor uchun emas, sanitariya-epidemiologik vaziyatni baholash uchun ham muhim vosita.

Antibiotikni to‘g‘ri qabul qilish — faqat shifokorning emas, bemorning ham mas’uliyati
Antibiotik buyurilganda bemorning vazifasi ham juda muhim. Dorini o‘zbilarmonchilik bilan boshlamaslik, boshqa bemorning retsepti asosida qabul qilmaslik, dozani o‘zgartirmaslik va davolash tartibini o‘zboshimchalik bilan buzmaslik kerak. Ayniqsa, «bir-ikki kun ichdim, tuzalib qoldim, endi to‘xtataman» yoki «bu safar kamroq ichsam ham bo‘ladi» kabi qarorlarni mustaqil qabul qilish to‘g‘ri emas. Davolash davomiyligi va tartibi bo‘yicha shifokor ko‘rsatmasiga amal qilish muhim.
Antimikrob rezistentlikka qarshi kurashda kim mas’ul?
Bu muammoni faqat shifokor zimmasiga yuklab bo‘lmaydi. Shifokor — antibiotikni asosli ravishda tavsiya qilishi va bemorga tushunarli ko‘rsatma berishi kerak. Farmatsevt — dori vositalaridan oqilona foydalanish bo‘yicha belgilangan tartib va talablarga rioya qilishi muhim. Laboratoriya mutaxassisi — qo‘zg‘atuvchini aniqlash va uning dori vositalariga sezgirligini baholashda ishtirok etadi. Sanitariya-epidemiologik xizmat — infeksiyalarning oldini olish, tarqalishini nazorat qilish va profilaktik tadbirlarni tashkil etadi. Aholi esa antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan qabul qilmaslik, gigiyena qoidalariga rioya qilish va infeksiyalarning oldini olishga mas’uliyat bilan yondashishi kerak. Shu sababli antimikrob rezistentlikka qarshi kurash — tibbiyot tizimi va jamiyatning umumiy vazifasi.

Eng samarali antibiotik — kerak bo‘lmay qolgan antibiotik
Bu mavzuning eng muhim fikrlaridan biri shuki, antimikrob rezistentlikni faqat yangi dori yaratish orqali hal qilib bo‘lmaydi. Infeksiyalarning oldini olish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, tibbiyot muassasalarida infeksiya nazoratini kuchaytirish, laboratoriya nazoratini yo‘lga qo‘yish va antibiotiklardan oqilona foydalanish — yagona tizimning bir-birini to‘ldiruvchi qismlaridir. Har bir insonning kundalik qarori bu jarayonga ta’sir qiladi.

Antibiotikni shifokor tavsiyasisiz ichmaslik, o‘zicha dori almashtirmaslik, gigiyenaga amal qilish va yuqumli kasalliklarning oldini olishga e’tibor berish — oddiy ko‘rinadigan, ammo jamoat salomatligi uchun muhim qadamlar.
Antimikrob rezistentlik kelajakdagi muammo emas — unga qarshi kurash bugungi kundalik odatlardan boshlanadi.
Kasallik paydo bo‘lgandan keyin uni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish ko‘pincha ancha samarali yo‘ldir. Shuning uchun sanitariya savodxonligi, infeksiya nazorati va antibiotiklardan oqilona foydalanish bir-biridan ajralmas tushunchalar sifatida qaralishi kerak, deydi Sanepidqo‘mita Yakkasaroy tuman bo‘limi sanitariya shifokori Shohruhmirzo Erkinov.
Shifokor intervyusini O‘zA muxbiri Mohichehra Eshmirzayeva yozib oldi.