Aliment mablag‘lari undirilmoqda
Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasining surishtiruv va ma’muriy amaliyot shu’basi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aliment ijrosi bilan bog‘liq hujjatlar yuzasidan bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, voyaga yetmagan shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1- va 2-qismlari asosida 59 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shundan 8 oy davomida qo‘zg‘atilgan 41 ta jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv harakatlari to‘liq o‘tkazilib, ayblov dalolatnomalari tegishli sudlarga yuborilgan. Surishtiruv harakatlari davomida aniqlangan zarar summalaridan qariyb 431 million so‘m undirilishi ta’minlangan. Bundan tashqari, aliment to‘lovlarini amalga oshirmagan 700 nafar qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 474-moddasi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborilgan.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198¹ va 198²-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarga nisbatan jami 17 794 nafar shaxsga 2 milliard 211 million 306 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilib, shundan 993 million 552 ming 339 so‘mi undirilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri