O‘zbekistonda gender tengligi bo‘yicha mamlakat profilining yakuniy loyihasi muhokama qilindi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan BMT Aholishunoslik jamg‘armasi — UNFPA hamda BMTning Gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmasi — UN Women ko‘magida ishlab chiqilayotgan “O‘zbekistonda gender tengligi bo‘yicha mamlakat profili” (Country Gender Equality Profile — CGEP) hujjatining yakuniy loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mas’ul vazirlik va idoralar, xalqaro hamkor tashkilotlar hamda gender tengligi sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad hujjatda so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, o‘zgarishlar va tashabbuslarni xolis aks ettirish, statistik ma’lumotlarni yangilash, shuningdek, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarning natijadorligini har tomonlama tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.
“Gender tengligi bo‘yicha mamlakat profili” milliy darajadagi keng qamrovli tahliliy hujjat bo‘lib, unda xotin-qizlar va erkaklarning jamiyat hayotidagi ishtiroki, ularning huquq va imkoniyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy holati hamda turli sohalardagi natijalariga oid miqdoriy va sifat ma’lumotlari umumlashtirilgan. Profil mamlakatda erishilgan yutuqlarni baholash bilan birga, islohotlarni yanada chuqurlashtirish talab etiladigan yo‘nalishlarni ham belgilab beradi. Hujjat dalillarga asoslangan siyosatni ishlab chiqish, milliy va hududiy darajadagi hamkorlikni kuchaytirish hamda idoralararo muvofiqlashtirish uchun muhim tahliliy manba bo‘lib xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Profilni tayyorlashda rasmiy statistik ma’lumotlar, ilmiy va tahliliy tadqiqotlar, milliy hamda xalqaro hisobotlar bilan bir qatorda, birlamchi ma’lumotlar, so‘rovlar, intervyular va fokus-guruh muhokamalari natijalaridan foydalanilgan. Ma’lumotlar imkoniyat darajasida jins, yosh, yashash hududi, ijtimoiy-iqtisodiy holat, nogironlik va boshqa mezonlar bo‘yicha tahlil qilingan.

Hujjat tahlillari Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga muvofiq shakllantirilgan.
Muhokamalar davomida so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashda mustahkam siyosiy iroda shakllangani, qonunchilik va institutsional mexanizmlar tubdan takomillashtirilgani alohida qayd etildi.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid konstitutsiyaviy kafolatlar kengaytirildi, oilaviy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi, gender statistikasi infratuzilmasi rivojlantirildi.
Mamlakatimizda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, onalar salomatligini muhofazalash, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilgan. Xususan, parlamentda xotin-qizlar ulushi 38 foizga yetgani, gender statistikasi portalida 217 dan ortiq ko‘rsatkich bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilayotgani hamda O‘zbekiston ochiq gender ma’lumotlari bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kirgani e’tirof etildi.

Ayni paytda hujjatda islohotlarning navbatdagi bosqichida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan dolzarb masalalar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, qabul qilingan ilg‘or qonunlarning joylarda to‘liq va bir xilda ijro etilishini ta’minlash, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga yo‘naltirilgan himoya va adolat mexanizmlarini kuchaytirish, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Shuningdek, kasbiy yo‘nalishlardagi gender tafovutlarini qisqartirish, munosib ish o‘rinlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ish haqidagi farqlarni kamaytirish, haq to‘lanmaydigan uy va parvarish mehnati yukini yengillashtirish hamda xotin-qizlarning iqtisodiy va siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Ishchi uchrashuvda vazirlik va idoralar tomonidan hujjatning tegishli yo‘nalishlarini takomillashtirish, sohalarga oid eng so‘nggi statistik ma’lumotlarni kiritish, amalga oshirilgan islohotlar va ularning amaliy natijalarini yanada to‘liq aks ettirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhokama yakunlariga ko‘ra, bildirilgan takliflarni umumlashtirish, ma’lumotlarni tegishli vazirlik va idoralar bilan qo‘shimcha ravishda muvofiqlashtirish hamda hujjatning yakuniy tahririni takomillashtirish belgilandi.

Mazkur profil “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ning samarali amalga oshirilishiga, davlat dasturlarini dalillarga asoslangan holda ishlab chiqishga va gender tengligini ta’minlash sohasidagi idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gender tengligini ta’minlash muhim ijtimoiy masala. U mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi, inson kapitalini rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, oilalar farovonligini oshirish va jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashning muhim shartidir.
N.Usmonova, O‘zA