O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan universitetlar diplomi endi dunyoda ham tan olinadi
Ayni kunlarda London shahrida bo‘lib o‘tayotgan Education World Forum 2026 doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro ta’lim, akkreditatsiya va sifatni ta’minlash sohasidagi qator nufuzli tashkilotlar bilan strategik uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administraciyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining oliy ta’limda sifatni ta’minlash sohasidagi eng yirik xalqaro tarmoqlardan biri INQAAHE (International Network for Quality Assurance Agencies in Higher Education)ga to‘liq a’zoligi rasman tasdiqlandi, bu haqda Agentlik Axborot xizmati ma’lum qildi.
INQAAHE 300 dan ortiq akkreditatsiya tashkilotlari, sifat agentliklari va ekspertlarni birlashtiradi. Mazkur a’zolik O‘zbekiston milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini anglatadi hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan oliy ta’lim muassasalari diplomlarining xalqaro miqyosda tan olinishi imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bu esa bitiruvchilarning xorijda ta’lim va mehnat faoliyatini davom ettirish, universitetlarning xalqaro reyting va grant dasturlarida ishtirok etishi, ikki diplomli va qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini faollashtirish uchun muhim asos yaratadi.
Bundan tashqari akkreditatsiya jarayonlariga INQAAHE tarmog‘i orqali yuqori malakali xalqaro ekspertlarni jalb etish imkoniyati yaratiladi, bu esa davlat akkreditatsiyasi sifatini yanada oshiradi.
Mazkur a’zolik O‘zbekistonda ta’lim sifati, xalqaro integratsiya va tan olinuvchanlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim strategik ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, Education World Forum doirasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv va kelishuvlar O‘zbekiston ta’lim tizimida xalqaro tan olinuvchanlik, sifat, shaffoflik va raqobatbardoshlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zA