O‘zbekiston – Yaponiya: yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi
Bugungi globallashuv davrida mamlakat taraqqiyoti, avvalo, bilimli, zamonaviy fikrlaydigan va xalqaro raqobatga qodir yoshlar salohiyati bilan belgilanadi. Shu ma’noda, O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning xorijiy davlatlarda bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda ilg‘or xalqaro tajribani milliy ta’lim tizimiga tatbiq etishga qaratilayotgan e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoroda o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston – Yaponiya” xalqaro ta’lim forumi va yarmarkasi ana shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro muloqot maydonidir. Tadbirda ta’lim sohasi vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislari hamda uch ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etishmoqda.
Forumning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Ortiqova, Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mamoru Sakaylar so‘zga chiqishib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’limiy aloqalarni rivojlantirish, akademik hamkorlikni kengaytirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda bunday tadbirlarning ahamiyati naqadar yuqori ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
O‘zbekistonda yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi va xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham aynan inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.


Bunday xalqaro forumlar mazkur maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida ahamiyatlidir. Zero, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or ta’lim tajribasini o‘rganish va akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirish yoshlarning dunyoqarashini boyitish bilan birga, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining xalqaro integratsiyasiga ham xizmat qiladi.
Forumda ishtirok etayotgan yoshlar Yaponiya ta’lim tizimi, yetakchi universitetlar faoliyati, zamonaviy o‘qitish metodikalari, xalqaro akademik almashinuv dasturlari va xorijda tahsil olish shartlari haqida bevosita ma’lumot olishmoqda. Bu esa ularga kelajakdagi ta’lim yo‘nalishini tanlash, kasbiy maqsadlarini belgilash va o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashda qo‘l keladi.
Forum-yarmarkaning muhim jihatlaridan biri — Yaponiyaning 23 ta oliy ta’lim muassasasi vakillari ishtirok etayotganidir. Ular orasida Sukuba universiteti, Nagoya texnologiya instituti, Vaseda universiteti, Yokohama milliy universiteti, Yamagata universiteti, Sokenday, Kibi xalqaro universiteti, Tohoku universiteti, Toyo universiteti, Xosey universiteti hamda International College of Liberal Arts kabi ta’lim muassasalari bor.
Universitetlar vakillari o‘z ta’lim dasturlari, mutaxassisliklar, qabul talablari, stipendiya imkoniyatlari va xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berishmoqda. Eng muhimi, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob olib, ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Bu muloqotning ahamiyati shundaki, u yoshlarni faqat xorijda o‘qish imkoniyatlari bilan tanishtiribgina qolmay, balki mustaqil qaror qabul qilish, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yish va unga erishish yo‘llarini belgilashga ham undaydi. Ayni paytda, oliy ta’lim muassasalari uchun ham xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar va qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirishga zamin yaratadi.


Yaponiya ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlari bilan dunyoda alohida o‘rin tutadi. Ushbu mamlakatning ta’lim tizimida nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy izlanishlar va texnologik taraqqiyotga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bois Yaponiya tajribasini o‘rganish O‘zbekiston ta’lim muassasalari uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Forum doirasida zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish, ilmiy tadqiqotlar, akademik hamkorlik va talabalar almashinuvi istiqbollariga e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishlardagi muloqotlar kelgusida yangi qo‘shma loyihalar, ta’lim dasturlari va ilmiy hamkorlik tashabbuslariga turtki berishi mumkin.
Bugun yoshlar uchun bilim olish imkoniyatining kengayishi ertangi kun mutaxassislarining salohiyatini belgilaydi. Xorijda tahsil olish, ilg‘or tajribani o‘zlashtirish va xalqaro muhitda bilim almashish esa ularning kasbiy kamolotiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, egallangan bilim va ko‘nikmalarning mamlakatimiz taraqqiyotiga yo‘naltirilishi ham muhim vazifadir.


Buxoroda o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston – Yaponiya” xalqaro ta’lim forumi va yarmarkasi ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’limiy aloqalarni mustahkamlash, oliy ta’lim muassasalari hamkorligini kengaytirish va yoshlarning xalqaro imkoniyatlardan samarali foydalanishi uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zero, bugun yoshlar uchun ochilayotgan bilim eshiklari ertangi taraqqiyotga olib boradi. Xalqaro hamkorlik, sifatli ta’lim va zamonaviy bilimlar uyg‘unligi esa mamlakatning intellektual salohiyatini oshirish, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash hamda O‘zbekistonning xalqaro ta’lim makonidagi o‘rnini mustahkamlashda muhim omildir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri