O‘zbekiston Xitoy bilan kadrlar tayyorlashda hamkorlik qiladi
Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmonqulov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida ta’lim, ilm-fan, sun’iy intellekt va muhandislik sohalaridagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi.
Sujou texnologiyalar universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan “2+2” qo‘shma ta’lim dasturining ilk ishtirokchilari Xitoyda tahsilni boshlagani alohida ahamiyat kasb etdi. Talabalarni qabul qilish marosimida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati ishtirok etdi.


Mazkur dastur doirasida talabalar kasbiy bilimlarini xalqaro muhitda boyitib, Xitoyning ta’lim tizimi va ishlab chiqarish amaliyoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.


Delegatsiyaning xitoylik hamkorlar va investorlar bilan muloqotlarida institutda tashkil etilayotgan sun’iy intellekt laboratoriyasini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, “O‘zbekiston–Xitoy sun’iy intellekt innovatsiya markazi” loyihasi taqdim qilinib, ta’lim, ilm-fan va sanoat uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.


Xefey texnologiyalar universiteti rahbariyati bilan uchrashuvda talabalar, magistrantlar va doktorantlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, darsliklar yaratish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Elektromobillar va avtonom boshqariladigan transport vositalari bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish rejasi ham muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlik memorandumini 2026-yil 6-8-noyabr kunlari Xefey texnologiyalar universitetida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya doirasida imzolashga kelishib oldi.

Tashrifning amaliy qismida delegatsiya “JAC Motors” kompaniyasida bo‘lib, zamonaviy avtomobilsozlik jarayonlari bilan tanishdi. Uchrashuvda muhandislik ta’limi uchun ilg‘or laboratoriyalar tashkil etish, amaliy mashg‘ulotlarni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, ta’lim va sanoat integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, istiqboldagi qo‘shma loyihalar va investitsiya yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu muloqotlar Jizzax politexnika institutining “Raqamli universitet” strategiyasi doirasida xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy muhandislik kadrlarini tayyorlash hamda ta’limni ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri